Ohangarondagi “Building innovation” yiliga 3 million dollarlik mahsulotni eksport qiladi
Davlatimiz rahbarining tashrifi arafasida Ohangaron tumanida “Building innovation” korxonasi qurib bitkazildi. Germaniya, Avstriya, Gretsiya, Ispaniya va Yaponiyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar oʻrnatildi.
Korxona yiliga 112 million donadan ziyod pardozbop gʻisht ishlab chiqarish, 3 million dollarlik eksport qilish quvvatiga ega. Energiya tejaydigan uskunalar qoʻllanilgani, xomashyo tumanning oʻzidan olinishi tufayli mahsulot narxi nisbatan arzon boʻladi. 250 nafar aholi ish bilan taʼminlanadi.
Korxona mahsulot hajmi va sifati boʻyicha Markaziy Osiyoda yetakchilikka davogarlik qilmoqda. Keyingi bosqichda keramik bloklar, panellar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz korxona quvvatlari, mahsulot namunalarini koʻzdan kechirdi. Korxona rahbariga qurilish materiallari turlarini koʻpaytirish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Shu yerda Toshkent viloyatida qurilish va toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish, charmni qayta ishlashga doir loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Rossiyaning “Yevrosement group” xoldingi bilan hamkorlikda Ohangaron sement zavodida amalga oshiriladigan loyiha shulardan biri. Qiymati 160 million dollarlik mazkur loyiha yiliga 17 million dollarlik mahsulot ekport qilish, 200 ta ish oʻrni yaratish imkonini beradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti