O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi bogʻcha mahalla bolalarini maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish muammosini hal qildi
2019-06-01 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ohangaron shahridagi “Qaldirgʻoch” davlat maktabgacha taʼlim muassasasiga tashrif buyurdi.
1-iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida foydalanishga topshirilgan ushbu bogʻcha Noʻgʻoyqoʻrgʻon mahallasi aholisining ogʻirini yengil qildi. Zero, bu yerda tashkil etilgan 4 asosiy va 3 qisqa muddatli guruhlarda 160 dan ziyod bolaga zamonaviy sharoitlarda taʼlim-tarbiya berish imkoniyati paydo boʻldi. Bu yerda yozgi oʻyin maydonchasi, choʻmilish havzasi, futbol maydonchasi, sport va musiqa zallari tashkil etilgan, Xonalar rivojlantiruvchi oʻyinlar va koʻrgazmali vositalar, bolalar oʻz iqtidorini namoyish etishi uchun zarur barcha imkoniyatlar bilan taʼminlangan. Bogʻchada 32 nafar mutaxassis ish bilan taʼminlandi.
Prezident bogʻchadagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi, soha mutasaddilari va tarbiyachilar bilan suhbatlashdi. Mamlakatimiz kelajagini taʼminlaydigan kadrlarni tarbiyalash maktabgacha taʼlim tizimidan boshlanishi, yangi bogʻchalar qurish va bolalarni qamrab olishni kengaytirish orqali bunga zamin yaratilayotganini taʼkidladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti