Davlatimizda olib borilayotgan insonparvarlikka yoʻgʻrilgan adolatli siyosat tufayli hayotda adashgan, jinoyat sodir etgan boʻlsa-da, xatosini tushunib, chin koʻngildan pushaymon boʻlgan shaxslarga nisbatan yengilliklar berilmoqda, tayinlangan turli jazolardan ozod qilinmoqda.
Ramazon hayiti arafasida Oliy sud raisining oʻrinbosari X.Yodgorov Oliy sud, qolaversa Toshkent shahri va viloyati sudlarida faoliyat yuritayotgan ayol sudyalar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida Zangiota tumanida joylashgan ayollar jazo oʻtayotgan muassasada boʻlib, ochiq muloqot oʻtkazdi. Soʻngra jazo oʻtayotgan ayollarga badiiy kitoblar sovgʻa qilindi, deyiladi Oliy sud matbuot xizmatining OʻzAga bergan xabarida.
Jazoni ijro etish muassasasida sayyor sud majlisi ham boʻlib oʻtdi. Unda jami 19 nafar ayol jazodan ozod etilib, uyiga – oilasi bagʻriga qaytarildi.
Bundan tashqari 20 nafar ayol yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasasidan manzil-koloniyasiga oʻtkazildi.
Xursandligimdan koʻzyoshimni tiyolmayapman, - deydi namanganlik G.X. – 2 nafar farzandim bor. Qilmishimdan chin koʻngildan pushaymonman. Meni iltimosim inobatga olinib, muddatidan oldin ozodlikka chiqayapman. Buning uchun Prezidentimizga, jazoni ijro etish muassasasiga, Oliy sud rahbariyatiga cheksiz minnatdorligimni bildiraman. Boshqa jinoyat sodir qilmayman. Oilam davrasida halol mehnat
qilishga vaʼda beraman.
Sayyor suddan soʻng Oliy sud raisi oʻrinbosari X.Yodgorov jazoni ijro etish muassasasidagi mahkumalarni qabul qilib, ularning murojaatlarini tingladi. 17 ta mahkumaning nazorat tartibidagi arizalari koʻrib chiqish uchun qabul qilindi.
Hayit bayram arafasida bu yana bir bor bagʻrikenglikning namunasi boʻldi.
Manba: O'zA