O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasi aholi punktlarida telekommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2019-05-23 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatimizda telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish boʻyicha koʻrilayotgan kompleks tashkiliy-texnik choralar telekommunikatsiya xizmatlarining sifatini yaxshilash va turlarini oshirish, shu jumladan, mobil aloqa qamrovini kengaytirishga imkon bermoqda.
Shu bilan birga, olis va qishloq aholi punktlarida, turistik va rekreatsion hududlarda, magistral avtomobil va temir yoʻllari boʻyida telekommunikatsiya infratuzilmasini, shuningdek, Internet tarmogʻiga simsiz keng polosali ulanish tarmoqlarini rivojlantirish surʼatlari yetarli emas.
Telekommunikatsiya tarmoqlarini jadal rivojlantirishga salbiy taʼsir etuvchi omillarni bartaraf etish, elektron davlat xizmatlarining ommabopligini taʼminlash, shuningdek, hududlarda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi uchun zarur infratuzilmani yaratish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki:
telekommunikatsiya tarmoqlari, qurilmalari, vositalari va obyektlari, operatorlar va provayderlarning mobil aloqa bazaviy stansiyalari, shu jumladan, ijaraga beruvchilarning hududlarida ijara asosida oʻrnatilgan stansiyalar (keyingi oʻrinlarda – telekommunikatsiya obyektlari) mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlari hisoblanadi;
muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlari, shu jumladan, kabel kanalizatsiyasi, past tokli kabel shaxtalari, telekommunikatsiya qurilmalarini oʻrnatish uchun maydonlar va infratuzilmalar bilan taʼminlanmagan jamoat, sanoat, turar joy, maʼmuriy binolar va inshootlarni qurish hamda foydalanishga qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, loyiha-smeta hujjatlari 2019 yil 1 iyulgacha tasdiqlangan binolar va inshootlar bundan mustasno;
telekommunikatsiya obyektlarini koʻchirish, qayta oʻrnatish, shuningdek, ularning faoliyatiga uchinchi shaxslar tomonidan har qanday aralashish yuzaga kelgan muammolarni hal etishning boshqa imkoniyatlari mavjud boʻlmagan hollardagina hamdafaqat mazkur obyektlarning egasi bilan kelishilgan holdaamalga oshiriladi. Bunda telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining telekommunikatsiya obyektlarini koʻchirish yoki qayta oʻrnatish, ularni sozlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha xarajatlari mazkur oʻzgarishlarning tashabbuskori tomonidan toʻliq hajmda qoplanadi;
binoda yashovchilardan telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etishga ariza mavjud boʻlganda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga bino ichida telekommunikatsiya tarmoqlarini past tokli kabel shaxtalari, telekommunikatsiya qurilmalarini oʻrnatish uchun maydonlar va infratuzilmadan begʻaraz asosda foydalangan holda oʻtkazishni rad etishga yoki toʻsqinlik qilishga haqli emaslar, mobil aloqa baza stansiyalarini oʻrnatish bundan mustasno.
2. 2019 yil 1 avgustdan shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:
a) davlat-xususiy sheriklik shartlarida olis va qishloq aholi punktlarida joylashgan byudjet tashkilotlari uchun telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratishni taʼminlagan telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga, mobil aloqa operatorlaridan tashqari, 10 yil davomida quyidagilar kafolatlanadi:
ularning xizmatlaridan olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari foydalanishi;
“Oʻzbektelekom” AK tomonidan Internet tarmogʻiga kirish xizmatini ulanish joyidan qatʼi nazar yagona tarif boʻyicha taqdim etilishi;
olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari tomonidan mazkur tashkilotlarga, shuningdek, ushbu hududdagi aholi va boshqa yuridik shaxslarga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan telekommunikatsiya vositalarini oʻrnatish uchun maydonlar va infratuzilmalarni begʻaraz asosda taqdim etish;
b) telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining foyda soligʻi hamda yagona soliq toʻlovini hisoblashda soliq solinadigan baza olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari uchun muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlarini yaratishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar summasiga kamaytiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlariga, ular telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanganidan soʻng, ularning buyurtmalari boʻyicha telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishlari uchun zarur mablagʻlarni ajratsin.
3. Belgilansinki:
Wi-Fi texnologiyasi boʻyicha simsiz maʼlumotlar uzatish uchun signal quvvatidan qatʼi nazar 2400-2483,5 MGs va 5000-5999MGs radiochastota polosalarida ekspluatatsion yigʻim va radiochastota spektridan foydalanganlik uchun toʻlov undirilmaydi;
davlat koʻchmas mulkidan telekommunikatsiya obyektlarini oʻrnatish uchun foydalanganlik ijara toʻlovining eng kam stavkalari, oshiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllamagan holda, “simli elektr aloqasi”dan foydalanish maqsadi boʻyicha stavkaga teng miqdorda qoʻllaniladi.
4. Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga 2019 yil 1 iyuldan boshlab davlat subdomenida (gov.uz) joylashtirilgan axborot resurslariga kirishda ishlatiladigan trafik uchun haq olmaslik tavsiya etilsin.
5. Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga 2022 yil 1 yanvarga qadar telekommunikatsiya obyektlarini qurish-montaj ishlarini, radioelektron vositalarni oʻrnatish maydonchalarini (joylarini) oʻrnatilgan tartibda kelishgandan soʻng, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan parallel ravishda amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda jamoat, maʼmuriy, turar joy va sanoat maqsadlaridagi binolar va inshootlarni loyihalashga topshiriqlarni hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va kelishish bosqichlarida majburiy tartibda quyidagi talablarni koʻzda tutsinlar:
binolarda telekommunikatsiya obyektlarini oʻrnatish uchun tegishli maydonlar va infratuzilmalarni, ularga elektr taʼminotini keltirgan holda, ajratilishini;
binolar ichida telefoniya, maʼlumotlar uzatish va Internet tarmoqlari, kabel televideniye va efir televideniyasini jamoaviy qabul qilish tizimlari, shuningdek, “xavfsiz uy” va qoʻriqlash signalizatsiyasi kabellarini oʻtkazish uchun past tokli kabel shaxtalari mavjudligini;
turar joy, jamoat, maʼmuriy va sanoat hududlarida telekommunikatsiya liniyalarini yotqizish va telekommunikatsiya obyektlarini (telekommunikatsiya shkaflari, antenna minoralari, machtalari va boshqalar) oʻrnatish uchun tegishli yer uchastkalari ajratilishini.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi:
telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga telekommunikatsiya obyektlarini oʻrnatishga har taraflama koʻmak bersin, shuningdek, zaruratga koʻra, ularning temir yoʻllar boʻyidagi elektr tarmoqlariga ulanishini taʼminlasin;
yoʻl-transport infratuzilmasini qurish va kapital taʼmirlashda bir vaqtda temir yoʻllari boʻylab, shuningdek, zaruratga koʻra, avtomobil yoʻllari boʻylab kelgusida telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga ijaraga berish uchun telekommunikatsiya kanalizatsiyasini qurishni koʻzda tutsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratish hamda olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlarga, shuningdek, aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha loyihalarni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ikki oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va har bir viloyat markazlarida tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining server hamda telekommunikatsiya qurilmalarini zamonaviy maydonchalarda joylashtirish boʻyicha xizmatlar majmuasini taqdim etuvchi xosting va trafik almashuvi markazlarini tashkil etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalida keng polosali ulanish va mobil Internet qamrovi zonalari toʻgʻrisida hududlar kesimidagi maʼlumotlarni chop etib borsin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining murojaatlari asosida olis va qishloq aholi punktlarida, turistik va rekreatsion zonalarda, magistral avtomobil va temir yoʻllari boʻylarida doimiy foydalanish (yoki uzoq muddatli ijara) huquqida telekommunikatsiya tarmoqlarini, shu jumladan, optik-tolali aloqa liniyalarini, antenna minora va machtalarini hamda telekommunikatsiya obyektlarini oʻrnatish xonalarini qurish uchun yer uchastkalarining oʻz vaqtida ajratilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ilgʻor xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda mobil aloqa va simsiz ulanish qurilmalaridan turli chastotalardagi elektromagnit nurlanishi taʼsiri xavfsizligining sanitariya qoidalari va meʼyorlarini qayta koʻrib chiqsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi “Oʻzbekenergo” AJ bilan birgalikda olis va qishloq aholi punktlarida, turistik va rekreatsion zonalarda, magistral avtomobil va temir yoʻllar boʻylarida quyidagilarni oʻz vaqtida taʼminlab borsin:
telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari murojaatlari boʻyicha telekommunikatsiya obyektlarini elektr tarmoqlariga ulash;
viloyatlar va tumanlar markazlaridagi mobil aloqa tarmoqlari bazaviy stansiyalarini hamda telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining markaziy bogʻlamalarini, teleradioeshittirish obyektlarini elektr tarmoqlaridan oʻchirilmaydigan toifali obyektlar qatoriga kiritish;
elektr tarmoqlari tayanch ustunlariga telekommunikatsiya tarmoqlarini begʻaraz asosda oʻrnatishga (osishga) ruxsat berish.
12. 2022 yil 1 yanvarga qadar yuridik shaxslar tomonidan olib kiriladigan telekommunikatsiya vositalari ilovaga muvofiq bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) ozod etilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi turistik obyektlarda bosqichma-bosqich, shu jumladan, 2019 yilda davlat-xususiy sheriklik shartlarida Internet tarmogʻidan simsiz foydalanish boʻyicha ommaviy nuqtalarni tashkil etsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qilishga texnik topshiriqlarni kompleks ekspertizadan oʻtkazish va tegishli xulosa berishni ular kiritilgan sanasidan boshlab ikki hafta muddatda taʼminlasin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
ilgʻor xalqaro tajribani inobatga olgan holda telekommunikatsiya obyektlarini olib kirish, loyihalash, qurish va foydalanishga qabul qilishda ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish va qisqartirish;
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019 yil 22 may