O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlarimiz og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etishadi
2019-05-21 | Sport
1-8 iyun kunlari Fuji davlatining Suva shahrida og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Dunyoning 20 yoshgacha bo‘lgan kuchli atletlari ishtirok etadigan mazkur musobaqada yurtimiz sharafini terma jamoamiz a’zolari Adhamjon Ergashev (-73 kg) va Akbar Jo‘rayev (-109 kg) himoya qilishadi.
51 davlatdan 500 nafardan sportchilar ishtirok etishi kutilayotgan jahon birinchiligi 2020 yil Tokio shahri (Yaponiya)da bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga yuqori reyting ochkolarini taqdim etishi bilan ham ahamiyatlidir.
Shuningdek, ushbu musobaqa vakillarimiz uchun joriy yilning sentyabr oyida Tailand davlatida bo‘lib o‘tadigan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga tayyorgarlik vazifasini bajaradi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan 2018 yilda og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati 7-14 iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilib, unda Adhamjon Ergashev oltin, Akbar Jo‘rayev kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.