O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
INNOWOMENWEEK: Innovatsiyalarda xotin-qizlar
2019-05-21 | Innovatsiya
Joriy yilning 13-18 may kunlari O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida mamlakatimiz xotin-qizlarining innovatsion g‘oyalari, loyiha va ishlanmalarini tadbiq etishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat qilayotgan xotin-qizlarning faoliyatlariga innovatsion yondashuvini joriy etish maqsadida “INNOWOMENWEEK” xotin-qizlarning innovatsiya haftaligi o‘tkazildi.
Haftalik doirasida 13-14 may kunlari Toshkent davlat agrar universitetida “AGROWOMENUZ” mavzusidagi forum va ko‘rgazma, 15-16 may kunlari Toshkent shahridagi Inha Universitetida “TECHNOWOMENUZ” mavzusidagi forum va o‘quv- seminarlar va 17-18 may kunlari Toshkent pediatriya tibbiyot institutida “MEDICALWOMENUZ” mavzusidagi forum, ko‘rgazma va o‘quv-seminarlar bo‘lib o‘tdi.
14 may kuni Toshkent davlat agrar universitetida “AGROWOMENUZ” mavzusidagi forumning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, “INNOWOMENWEEK” haftaligi ishtirokchilarining ishlanmalari, maket va innovatsion mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil qilindi.
Aytib o‘tish joiz, “INNOWOMENWEEK” xotin-qizlarning innovatsiya haftaligida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat qilayotgan 700 nafardan ortiq xotin-qizlar ishtirok etdi.
Toshkent shahridagi Inha Universitetida Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i O.Tuychiyev, Vazirlik huzuridagi Yuqori texnologiyalar markazi rahbari Sh.Turdiqulova va “Ilm-fan va ilmiy-texnik tadqiqotlarni rivojlantirish boshqarmasi”ning bosh mutaxassisi Sh.Kurbonovlar ishtirokida o‘quv-seminar o‘tkazildi. Unda ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli xotin-qizlarga O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e’lon qilinadigan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlarida ishtirok etish uchun loyihalarni tayyorlash bo‘yicha ma’lumot berildi.
Toshkent pediatriya tibbiyot institutida 17-18 may kunlari bo‘lib o‘tgan “MEDICALWOMENUZ” forumida xotin-qizlarning tibbiyot va farmatsevtika sohalarida erishayotgan yutuqlarini tahlil qilish, sohadagi yangiliklar, innovatsion texnika va texnologiyalardan xabardorligini oshirish bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i B.Xudanov ma’ruza-prezentatsiya bilan ishtirok etdi. Shuningdek, tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi yutuqlar, ishlab chiqarilayotgan innovatsion mahsulotlar va texnika-texnologiyalar ko‘rgazmasi ham tashkil qilindi.
Iqtidorli xotin-qizlarni tegishli soha korxonalarining ilmiy, texnik va texnologik muammolari bo‘yicha olingan patentlari asosida innovatsion loyihalarini tayyorlab, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlarda qatnashishlari bo‘yicha tashkiliy ishlar amalga oshiriladi. Shuningdek, iqtidorli xotin-qizlarni o‘z loyihalari bilan xalqaro tanlovlarda qatnashishlari bo‘yicha ham maqsadli ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.