O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
BMT Bosh kotibining yordamchisi bilan uchrashuv
2019-05-20 | Siyosat
2019-yilning 19-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi Miroslav Yenchani qabul qildi. U Moskva xalqaro munosabatlar instituti bitiruvchilarining (MGIMO) V Xalqaro forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan.
Suhbat chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyev va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning aprel oyida Pekin shahridagi samarali muzokaralari chog‘ida erishilgan kelishuvlarni joriy etishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyatining boshlanishi mamnuniyat bilan qayd etildi. Hozirgi vaqtda bir qator davlatlar fondga mablag‘ ajratish to‘g‘risida ma’lum qildilar. Xususan, O‘zbekiston rejalangan 6 million AQSh dollaridan 2 million miqdoridagi dastlabki transhni fondga o‘tkazdi. Orol dengizining oldingi tubida 500 ming gektarga yaqin maydonga himoya ko‘chatlari ekildi, Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish bo‘yicha 500 dan ortiq loyihalar amalga oshirildi.
Uchrashuvda ayrim xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Suhbatda BMT Rezident-koordinatori Helena Freyzer ishtirok etdi.