O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqatlanishi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonun loyihasi deputatlar muhokamasida
2019-05-10 | Jamiyat
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan «Go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqatlanishi to‘g‘risida»gi qonuni loyihasining ikkinchi o‘qishiga bag‘ishlangan ishchi guruhi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Muhokamalar jarayonida qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan deputatlar tomonidan bir qator takliflar berildi. Jumladan, deputat T.Eshnazarov qonun loyihasini «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deb o‘zgartish va shu bilan birga, ushbu qonun loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining «Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida»gi, «Reklama to‘g‘risida»gi va boshqa tegishli qonunlarga o‘zgartish kiritish yuzasidan taklif bildirdi.
Bundan tashqari, qonun loyihasining 7, 13, 14, 15, 16 va 17-moddalari O‘zbekiston Respublikasining «Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonuni moddalarini takrorlagani, 11 va 12-moddalarini O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi qonuniga singdirish hamda qonun loyihasining nomidan kelib chiqib, chet el tajribasini o‘rganib, yangi moddalar bilan to‘ldirish mumkinligi qayd etildi.
Bildirilgan takliflarga ishchi guruh tomonidan tushuntirish berildi. Bunda qonun loyihasidan ko‘zlangan maqsad go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqatlanishi, jumladan, ko‘krak suti bilan oziqlantirishni targ‘ib etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish hamda mamlakatimizda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqat mahsulotlariga qo‘yiladigan talablarni belgilash, rioya qilish va boshqa nazarda tutilgan qoidalarga asoslangan. Shu munosabat bilan qonun loyihasining 1-moddasi, qonunning maqsadi, asosiy vazifalarini belgilovchi ikkita qismga tahririy o‘zgarishlar kiritilib, bo‘lingan.
3-moddasida esa, barcha mahsulotlar muayyan shaklda, me’yoriy hujjatlarga mos bo‘lishi munosabati bilan aniqlashtiruvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini O‘zbekiston Respublikasining «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunida nafaqat jamoatchilik nazorati shakllari, balki jamoatchilik nazorati ob'yektlari, sub'yektlari, huquq va majburiyatlari kabi masalalar nazarda tutilgan.
11-moddaning ikkinchi qismi 2-xatboshisi ikkita xatboshiga bo‘lingan, chunki bittasida ko‘krak sutini o‘rnini bosuvchilar reklamasi haqida, ikkinchisida esa, axboroti to‘g‘risida so‘z yuritilgan. Shuningdek, 4-xatboshi mazmuni takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ushbu xatboshida tahririy o‘zgarishlar bilan aks etgan.
Ishchi guruh a’zolari 12-modda asosiy tushunchalarga moslashtirish hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqati mahsulotlari bo‘yicha reklama ishlab chiqaruvchilari va tarqatuvchilariga nisbatan faoliyatni cheklashni o‘rnatish maqsadida kiritilgani to‘g‘risida takliflarini bildirishdi.
Shundan so‘ng deputat X.Gapparov tomonidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatlari chegaralarini aniqlashtirish, go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqati tarkibiga qo‘yiladigan aniq talablar bo‘yicha norma kiritish, ushbu talablarda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqati tarkibida geni modifikatsiyalangan organizmning (GMO) cheklanishini ko‘rib chiqish lozimligi haqida o‘z takliflarini ilgari surdi.
Yuqoridagi taklif va mulohazalardan kelib chiqib, mazkur qonun loyihasining ishchi guruh yig‘ilishida ikkinchi o‘qishga tayyorlangan tahririni yanada takomillashtirish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining veb-saytiga joylashtirish hamda mavzu yuzasidan mutaxassislar, jamoatchilik vakillari ishtirokida seminar o‘tkazishga kelishib olindi.