Ertangi kunga masʼuliyat va javobgarlik hissi bilan yashash, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan yirik loyihalar va avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish maqsadida 6-7 may kunlari Fargʻona viloyatida boʻldi.
Davlatimiz rahbarining viloyatlarga tashrifi chogʻida oʻsha hududning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirish, odamlarning hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun alohida-alohida rejalar qilish anʼanaga aylandi. Fargʻona viloyatiga tashrif ham shunday boʻldi.
Shavkat Mirziyoyev 6 may kuni viloyatdagi yirik loyihalar bilan tanishar ekan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan tumanlarga sanoatni olib kirish, bandlikni taʼminlash, xotin-qizlar va yoshlar manfaatlarini roʻyobga chiqarish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Hududda oʻtgan bir yilda erishilgan natijalar chuqur tahlil qilinib, kelasi yilga moʻljallangan vazifalar muhokama etildi. Dunyo bozoriga chiqish uchun raqobatbardosh boʻlish, sanoat oʻrtacha rivojlangan tumanlarda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, eng asosiysi, viloyat iqtisodiyotiga sarmoya, texnologiya va innovatsiyalarni jalb etish boʻyicha tegishli yoʻnalishlar belgilandi.
Tashrifning ikkinchi kuni Fargʻona shahrida viloyat faollari, vazirlik va idoralar rahbarlari, nuroniylar, tadbirkorlar ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev soʻzining avvalida yigʻilganlarni, butun xalqimizni Ramazon oyi hamda yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi.
2018 yili Fargʻona viloyatida sanoat 8 foiz, xizmat koʻrsatish 9 foiz, oʻzlashtirilgan investitsiyalar 1,5 barobar oʻsgan. Lekin aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi hududiy mahsulot respublika koʻrsatkichidan ancha pastligi, Qoʻshtepa, Furqat, Oltiariq, Fargʻona, Yozyovon tumanlarida sanoat rivojlanmagani qayd etildi.
Shu bois viloyatni 2019-2020 yillarda rivojlantirish boʻyicha umumiy qiymati 26 trillion 401 milliard soʻmlik 643 ta loyihadan iborat yangi hududiy investitsiya dasturi ishlab chiqilgan. Mazkur dastur doirasida 2,5 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtiriladi va 31 mingdan ziyod ish oʻrni yaratiladi.
Masalan, Beshariq tumanida “Fargʻona Yasin qurilish mollari” korxonasida 200 million dollarlik loyiha amalga oshirilib, joriy yilda 800 ming tonna va keyingi yildan 1,2 million tonna sement ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Qoʻqon shahrida “Indorama” kompaniyasining 70 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyasi hisobidan Qoʻqon superfosfat zavodi modernizatsiya qilinib, fosforli oʻgʻit ishlab chiqarish quvvati 100 ming tonnadan 375 ming tonnaga yetkaziladi. Uchkoʻprik tumanidagi “Shaffof omadli sanoat” korxonasida jami 30 million dollar sarmoya hisobidan avtomobillar uchun yiliga 350 ming dona gaz balloni, 2020 yildan yuk koʻtaruvchi elektr karalar, mini-traktorlar va qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun uskunalar ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga dasturdagi har bir loyihani amalga oshirish boʻyicha tarmoq jadvallarini tasdiqlab, ijrosini taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berdi.
Fargʻona viloyatiga investitsiya olib kelish, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha bir yil favqulodda safarbarlik eʼlon qilamiz. Ana shunda oʻzgarish boʻladi. Kelasi yil may oyida hokimliklar, barcha vazirliklar qilingan ishlar haqida hisobot beradi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz yigʻilishda aholini ish bilan taʼminlash, daromadlarini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan oilalarni aniqlab, ikki-uch oy ichida ularga belgilangan miqdordagi imtiyozli kreditlarni toʻliq ajratish zarurligini taʼkidladi.
Fargʻona – mohir hunarmandlar, usta dehqonlar yurti. Bu yerning koʻnchilik, bogʻdorchilik anʼanalari – tayyor brend. Bundan foydalanib, viloyatda charm va poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshimcha loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, “Charm-attorlik markazi” tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Kelgusi ikki yilda Oltiariq tumanida 3 ming gektar maydonda uzumchilik, Quva tumanida 2 ming gektarda anorchilik, Quvasoy shahrida 2 ming gektar maydonda giloschilik klasterlari tashkil etilishi maʼlum qilindi. Ushbu klasterlar oʻzlari meva yetishtirish bilan birga aholidan ham sotib oladi. Buning uchun xonadonlarga 15 million tup tok, 10 million tup gilos va 5 million tup anor koʻchatlari yetkazib beriladi. Bu ham aholi daromadlarini, ham viloyat eksport salohiyatini oshiradi.
Yaqin yillarda Oltiariq tumanini toʻliq uzum yetishtirishga ixtisoslashtirish, ilmiy-tadqiqot institutlari va Toshkent davlat agrar universiteti olimlarining tavsiyalari asosida bogʻ va tok qator oralarida bozorbop sabzavotlar yetishtirish rejalashtirilgani taʼkidlandi.
Viloyatda joriy yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 45 ta qishloq va 15 ta shahar mahallasida 8 mingta hovli-joy, 327 ta koʻp qavatli uy, yuzlab kilometr yoʻllar, ichimlik suv va elektr tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlarida 326 milliard soʻmlik taʼmirlash-tiklash ishlari amalga oshiriladi. Natijada 212 ming aholining turmush sharoiti yaxshilanadi.
Fargʻona, Qoʻqon, Quvasoy va Margʻilon shaharlarida 14 ta koʻp qavatli arzon uy, 145 ta koʻp qavatli tijorat uylari, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida 252 ta yakka tartibdagi va 54 ta koʻp qavatli arzon uy-joy barpo etiladi.
Yigʻilishda yoshlar masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Viloyatda 7 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar soni 970 ming boʻlib, ular bilan ishlash masalasi har doim diqqat-eʼtibor markazida boʻlishi qayd etildi. Shuni hisobga olib, yoshlar bilan ishlash boʻyicha “Fargʻona tajribasi”ni yaratish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgani taʼkidlandi.
Joriy yilda 46 ming nafar yoshning bandligini taʼminlash boʻyicha manzilli chora-tadbirlar shakllantirilgan. “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturiga muvofiq, 208 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratish orqali 867 ta loyihani amalga oshirish va 7 ming ish oʻrni tashkil etish belgilangan.
Prezidentimiz beshta muhim tashabbus boʻyicha Fargʻona viloyatida ham muayyan ishlar qilinayotgani, ularning ijrosi har bir hokimlik va vazirlikning asosiy vazifasiga aylanishi kerakligini taʼkidladi.
Beshta muhim tashabbus – yangi siyosatimiz. Ularni amalga oshirish boʻyicha Boʻka tumani namuna sifatida tanlab olindi. Har bir tuman hokimi beshta tashabbusni joriy etish boʻyicha yil yakunida hisobot beradi. Beshta tashabbus ijrosi doirasidagi hamma ishlar maktab atrofida mujassam boʻlishi kerak. Ulardagi sport zallari, klublar bolalarga berilishi, yoshlarimiz bu yerga kelib sport bilan shugʻullanishi, kitob oʻqishi, axborot texnologiyalarini oʻrganishi, barkamol boʻlib ulgʻayishi lozim. Iqtisodiyot qanday rivojlansa, beshta tashabbus doirasidagi ishlarga ham shunday eʼtibor qaratsak jamiyatimizda muhit oʻzgaradi, odamlarimizda hayotga ishonch ortadi. Bu balandparvoz gaplar emas hayot-mamotimiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ochiq muloqot tarzida oʻtgan yigʻilishda soʻzga chiqqanlar Prezidentimiz boshchiligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar hududlar hayotida ham aksini topayotgani, bundan avvalo odamlar rozi boʻlayotganini taʼkidladi. Shu bilan birga, ayrim masalalar boʻyicha mavjud muammolar oʻrtaga tashlandi. Davlatimiz rahbari koʻtarilgan har bir muammoni joyida hal etish boʻyicha mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.
Shu bilan Prezidentimizning Fargʻona viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Matnazar ELMURODOV, Masʼudjon SULAYMONOV, OʻzA