O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Faxriylarga ehtirom
2019-05-07 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Ikkinchi jahon urushi faxriylariga ehtirom ko‘rsatish, ularning holidan xabar olish bo‘yicha qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Xususan, 2019-yil 6-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov boshchiligidagi vazirlik xodimlari Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 93 yoshli urush faxriysi – Valentin Lazerov Ivanovichni Xotira va qadrlash kuni bilan tabriklashdi.
Valentin Lazerov 1926-yil 14-yanvar Volgograd (Stalingrad) shahrida tug‘ilib, voyaga yetgan. 1943-yil boshlangan harbiy xizmat Valentin Ivanovichni Uzoq Sharqdagi jang maydonlariga olib borgan. 1950-yil harbiy yo‘llanma bilan O‘zbekistonga kelib, 1977-yilga qadar harbiy sohada xizmat qilgan. 70-yillar oxiridan temir yo‘l tizimidagi harbiy bo‘linmada faoliyat yuritgan.
Uchrashuv davomida Valentin Lazerov urush xotiralari haqida so‘zlab berib, ko‘rsatilayotgan ehtirom uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
9-may – Xotira va qadrlash kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar respublika bo‘ylab davom etmoqda.