O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi va ilm-fani tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2019-05-07 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatimizda milliy tibbiyot va farmatsevtika taʼlimini modernizatsiya qilish, ushbu sohaga xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish, aholi salomatligini muhofaza qilishning dolzarb muammolari boʻyicha kompleks ilmiy tadqiqotlar olib borish, shuningdek, taʼlim olayotgan yoshlarga maʼnaviy-axloqiy tarbiya berishning samarali tizimini yaratish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, respublikaning olis va yetib borish qiyin boʻlgan hududlarida umumiy amaliyot vrachlari hamda tor mutaxassislarning yetishmasligi, tibbiyot taʼlim muassasalaridagi zarur boʻlgan amaliy tayyorgarlikning yetarli boʻlmayotganligi, shuningdek, uzluksiz kasb-hunar taʼlimini tashkil etishning zamonaviy shakl va uslublarining sust joriy etilishi tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini tayyorlash, oʻrta muddatli davrda uni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar qabul qilinishini talab etmoqda.
2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda 2019-2025yillarda Oʻzbekiston Respublikasining sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi vazifalariga muvofiq, shuningdek, tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi va ilm-fani tizimini yanada takomillashtirish, uning amaliy sogʻliqni saqlashga integratsiya qilinishini taʼminlash hamda tibbiy yordam koʻrsatish darajasini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi va ilm-fanini yanada rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlari deb hisoblansin:
birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalari uchun umumiy amaliyot vrachlari ichidan ehtiyoj yuqori boʻlgan tor mutaxassisliklar boʻyicha shifokorlarni tayyorlashni tashkil etish;
tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini tayyorlash va uzluksiz kasbiy taʼlimi jarayonlariga oʻqitishning kredit-modul tizimini joriy etish;
tibbiyot va farmatsevtika kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimining markazlashtirilishiga barham berish, ularning uzluksiz kasbiy taʼlim bilan toʻliq qamrab olinishini taʼminlash;
tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqitish jarayonlarini monitoring qilish va shaxsiy hisobga olishni taʼminlash;
tibbiyot va farmatsevtika ilm-fanini, shuningdek, sogʻliqni saqlash sohasidagi innovatsiyalarni jahon darajasigacha rivojlantirish, ularni global ilmiy maydoniga integratsiya qilinishini taʼminlash;
kadrlarni tayyorlash, taʼlim, ilm-fan va amaliyotni integratsiya qilishning uzluksizligini taʼminlash maqsadida tibbiyot va farmatsevtika muassasalarining klinikalari, oʻquv va oʻquv-ishlab chiqarish bazalarini rivojlantirish.
2. Quyidagilar:
Tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi va ilm-fani tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;
2025 yilga qadar tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi va ilm-fanini rivojlantirish sifatini baholash indikatorlari 2-ilovaga muvofiq;
Tibbiyot va farmatsevtika oliy taʼlim yoʻnalishlari, oʻqitish muddatlari va bitiruvchilarga beriladigan malakalar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
Oʻrta maxsus tibbiyot taʼlim yoʻnalishlari, oʻqitish muddatlari va bitiruvchilarga beriladigan malakalar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimi tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va uzluksiz kasbiy taʼlim muassasalari tashkiliy tuzilmasi5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi va ilm-fani sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga quyidagi huquqlar berilsin:
belgilangan tartibda davlat taʼlim standartlarini ishlab chiqish, oʻquv jarayonini amaliyot va ilgʻor xalqaro tajribaga integratsiyalashuvini taʼminlashni inobatga olgan holda tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va uzluksiz kasbiy taʼlim tizimining malaka talablari, oʻquv rejalari va oʻquv dasturlarini tasdiqlash;
tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mustaqil ravishda takliflar kiritish;
faqatgina oʻquv va amaliyot xarakteriga ega chora-tadbirlar boʻyicha ish vaqtini hisobga olishga tayangan holda tibbiyot va farmatsevtika taʼlimining (shu jumladan, kredit-modulli oʻqitish tizimi sharoitida) oʻziga xosligini hisobga olgan holda mustaqil ravishda professor-oʻqituvchilarning mehnat meʼyorlarini belgilash, shuningdek, pedagogik xodimlar tomonidan ilmiy-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-uslubiy, maʼnaviy-axloqiy va tarbiyaviy ishlarning bajarilishini ragʻbatlantirish;
uzluksiz kasbiy taʼlim tizimida tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonlari ustidan yagona tashkiliy va oʻquv-uslubiy rahbarlikni taʼminlash;
oʻqitishning umumiy xarajatlaridan kelib chiqqan holda klinik ordinatura (rezidentura)da toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish narxi miqdorini belgilash.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining ehtiyoj yuqori boʻlgan tor mutaxassisliklar boʻyicha shifokorlarni sogʻliqni saqlashning birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalari uchun bir yildan kam boʻlmagan muddatda birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarida tayyorlashni tashkil etish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslariga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi davlat tibbiyot muassasalari va hududiy sogʻliqni saqlash tashkilotlari tomonidan tegishli sohalarda kadrlar tanqisligini inobatga olgan holda shakllantiriladigan talabnomalarga asosan umumiy amaliyot shifokorlari qabul qilinadi;
shifokorlarni birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida ularni taʼminlab turish uchun ajratilgan byudjet mablagʻlari doirasida amalga oshiriladi;
birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslari yakunida shifokorlarga olingan ixtisoslik boʻyicha faqatgina sogʻliqni saqlashning birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalarida faoliyat yuritish huquqini beruvchi belgilangan namunadagi sertifikat taqdim etiladi;
birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarini tamomlagan shifokorlar ularni oʻqishga yoʻllagan muassasada egallangan tor mutaxassislik boʻyicha kamida uch yil ishlab berishlari shart;
talab etiladigan mutaxassisliklar boʻyicha shifokorlarni birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarida oʻqitishning tartibi, dasturlari
va muddatlari, shaxslarni birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslariga saralab olish kvotalari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilab beriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab tibbiyot va farmatsevtika kadrlari uchun muammolarga yoʻnaltirilgan modulli oʻquv dasturlari, seminar, konferensiya, vebinar, mahorat darslari, simulyatsion treninglar va boshqa oʻqitish kurslari negizida har yili malaka oshirishni nazarda tutuvchikredit-modulli oʻqitish tizimiga asoslangan, uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini joriy etsin;
b) tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini uzluksiz kasbiy taʼlim olishi tizimi asosida oʻqitish huquqi belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtgan quyidagi muassasalarga taqdim etilsin:
tibbiyot va farmatsevtika, shu jumladan, nodavlat oliy taʼlim muassasalari;
respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot hamda ilmiy markazlari, ularning filiallari, ilmiy-tekshirish institutlari;
hududiy koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari.
Belgilansinki, uzluksiz kasbiy taʼlim tizimi asosida oʻqitish natijalari boʻyicha shifokorlar va provizorlarni yakka tartibda litsenziyalashda hisobga olinadigan, toʻplangan kreditlarni inobatga oluvchi belgilangan namunadagi sertifikat beriladi;
v) 2019 yil 1 dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy saytida malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarida taʼlim olayotgan har bir tibbiyot va farmatsevtika xodimini monitoring qilish va oʻqitish hajmini shaxsiy hisobga olish imkoniyatini taʼminlovchi “Uzluksiz kasbiy taʼlim” maxsus portalini yaratsin.
6. Uzluksiz kasbiy tibbiyot taʼlimida toʻplanadigan kreditlar hajmi 6-ilovaga muvofiq belgilansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining kadrlarni uzluksiz tayyorlashni taʼminlash, shuningdek, taʼlim va ilm-fan jarayonlarini tibbiyot amaliyoti bilan integratsiya qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
Toshkent tibbiyot akademiyasining birinchi, ikkinchi va uchinchi klinikalari negizida zamonaviy tibbiyot taʼlim klasterini yaratish orqali Toshkent tibbiyot akademiyasining Koʻp tarmoqli klinikasinitashkil etish;
tibbiyot va farmatsevtika oliy taʼlim muassasalari tarkibiy tuzilmasiga byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan davolash (amaliyot) ishlari prorektori (direktor oʻrinbosari) lavozimi va ikkita shtat birliklaridan iborat klinik (oʻquv) bazalari bilan ishlash boʻlimini tashkil etish;
tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan taʼminlanuvchi anatomik morglar, oʻquv-biologik laboratoriya (vivariy)lar va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish;
Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida oʻquv-simulyatsion markazlarni tashkil etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan tibbiyot tashkilotlarini qayta tashkil etish boʻyicha tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
9. Belgilansinki:
a) tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining klinikalari:
tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining tarkibiy boʻlinmalari va klinik fanlarni oʻqitish uchun asosiy baza hisoblanadi, shuningdek, kafedra xodimlari bilan birgalikda oʻquv jarayonini tashkil etish, aholiga ixtisoslashtirilgan xizmat koʻrsatish, tibbiyot sohasida ilmiy-tekshiruv izlanishlarini olib borishda faol ishtirok etadi;
klinika shifokor xodimlari tarkibini shakllantirishda tibbiyot oliy taʼlim muassasasi kafedralari professor-oʻqituvchilarining soni 50 foizdan kam boʻlmasligini taʼminlaydi;
tibbiyot oliy taʼlim muassasasi kafedralari xodimlarini dars jadvali va oʻquv rejaga muvofiq yetarli oʻquv xonalari, shuningdek, pedagogik hamda ilmiy-tekshirish faoliyati uchun sharoitlar bilan taʼminlaydi;
b) tibbiyot oliy taʼlim muassasalari klinikalarining bosh shifokorlari:
yashirin ovoz berish yoʻli orqali oliy taʼlim muassasasi Kengashining taqdimnomasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
kafedra xodimlarining toʻlaqonli taʼlim, davolash-diagnostika va ilmiy faoliyatini tashkil etishni taʼminlash yuzasidan shaxsan javobgar hisoblanadilar.
10. 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab:
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga koʻra, respublikaning olis va yetib borish qiyin boʻlgan hududlaridagi birlamchi sogʻliqni saqlash boʻgʻinlari davlat muassasalarida uch yildan kam boʻlmagan muddat ishlab bergan shifokorlarga klinik ordinaturaga (rezidenturaga) kirishda tanlov sinovlari natijalari boʻyicha yigʻilgan ballar summasidan 30 foiz miqdorida qoʻshimcha ballar taqdim etilishi;
tibbiyot oliy taʼlim muassasalari, malaka oshirish institutlari, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari va ularning filiallari xarajatlarining byudjet smetalarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida, shuningdek, toʻlov-kontrakt asosida klinik ordinatorlar (rezidentlar)ni oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar hisobidan klinik ordinator (rezident) rahbariga bir yilda 100 soat hisobidan bir nafar klinik ordinator (rezident)ga rahbarlik uchun soatbay toʻlovlar toʻlanishi belgilansin.
Tibbiyot oliy taʼlim muassasalari rahbarlariga dars berish faoliyatida ishtirok etishi uchun davolash-profilaktika muassasalaridan jalb qilinadigan malakali mutaxassislarga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirayotganlar mablagʻlari hisobidan lavozim maoshiga 100 foizgacha boʻlgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar belgilash huquqi berilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:
kredit-modulli oʻqitish tizimini joriy etish orqali oliy tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi davlat taʼlim standartlari, tibbiyot va farmatsevtika kadrlarining malakasini oshirish, qayta tayyorlash davlat talablarini ishlab chiqish;
taʼlim jarayonida klinikagacha va klinik modullar, shu jumladan, klinik oʻquv amaliyoti boʻyicha oʻquv soatlarini oshirish hisobiga amaliy tarkibiy qismini kuchaytirish;
kredit-modul tizimini joriy etish orqali magistratura va klinik ordinatura (rezidentura)da egallanayotgan amaliy koʻnikmalarning murakkabligiga bogʻliq holda taʼlim muddatlarini optimallashtirish orqali oʻqitish jarayonini takomillashtirish;
ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda, oʻqitish davri uchun kreditlar meʼyorlarini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, 100 ballik reyting tizimini qoʻllagan holda oʻquvchi va talabalarning har bir modul boʻyicha bilim va koʻnikmalari oʻzlashtirilishini nazorat qilishni taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
xalqaro moliya institutlari mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning xayriyalari, shuningdek, tibbiyot va farmatsevtika taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 2020 yildan boshlab har yili tibbiyot va farmatsevtika oliy taʼlim muassasalari talabalari va tibbiyot kollejlarining oʻquvchilari orasida klinik fanlar boʻyicha Ibn Sino nomidagi xalqaro tibbiyot olimpiadalari, shuningdek, yosh olimlar orasida Ibn Sino nomidagi xalqaro ilmiy tanlovlaroʻtkazilishini taʼminlasin;
har yili 1 sentyabrga qadar davlat tibbiyot muassasalari va hududiy sogʻliqni saqlashni boshqarish tashkilotlarining talabnomalari asosida respublika hududlari kesimida tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi muassasalari va boʻlinmalari uchun uzluksiz kasbiy taʼlim kurslarida oʻqitish rejalarini tasdiqlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda tibbiyot va farmatsevtika taʼlim muassasalari, respublika ilmiy-amaliy markazlari va ularning filiallari, ilmiy-tekshirish institutlari uchun imtiyozli yuqori tezlikdagi internet-tariflarini joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy taʼlim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–2956-son qarorining 2-bandi ikkinchi xatboshi va 3-bandi, shuningdek, ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
tibbiyot oliy taʼlim muassasalari klinikalari, farmatsevtika taʼlim muassasalarining oʻquv va oʻquv-amaliyot bazalari namunaviy nizomini tasdiqlash toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019 yil 6 may