O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonlik jurnalistlar AQSh rasmiy doiralari vakillari bilan uchrashmoqda
2019-05-06 | Jamiyat
Shu kunlarda O‘zbekistonning markaziy OAV vakillari AQShda davlat boshqaruvi, axborot kommunikatsiya tizimlari, jurnalistik tashkilotlar va matbuot xizmatlari faoliyati bilan yaqindan tanishish va hamkorlik o‘rnatish maqsadida Vashington, Baltimor va Minneapolis hududlarida bo‘ldi.
AQSh Davlat departamenti, Kongress vakillar palatasi, Federal kommunikatsiya komissiyasi, jurnalistlar va matbuot uyushmalari, shuningdek, "Amerika ovozi" teleradiosida uchrashuvlar o‘tdi.
Har bir muloqotda O‘zbekistondagi real vaziyat xususida savollar tushdi. AQSh rasmiy doiralarida bu borada qiziqish baland ekan. Toshkentdan borgan jurnalistlar O‘zbekistonda jamoatchilik amaldagi siyosatga nisbatan erkin fikrini bemalol bildirayotgani, ma’lum bir qarorlarga ta’sir o‘tkazayotgani, fuqarolar mutasaddilar oldiga talab va takliflarini qo‘yayotgani va bu talablar e’tiborga olinayotgani, rahbariyat bilan emin-erkin munozaralarga kirishishi oddiy holga aylanayotgani xususida gapirib bermoqda.
Muhokamalar davomida so‘ngi yillarda O‘zbekistonda kechayotgan islohotlar mamlakat OAV faoliyatida tub burilish davrini boshlagani, matbuot va so‘z erkinligi sabab axborot vositalarida jamiyatdagi illatlar ancha dadil yoritilayotgani ta’kidlanmoqda.
Qandaydir to‘siq yoki qarshiliklar eskilik sarqiti sifatida eslanayotgani muhokamalarda asosiy mavzularidan biri bo‘lmoqda.
Ayrim xalqaro tashkilotlar hisobotlarida hamon "O‘zbekistonda matbuot va so‘z erkinligi yo‘q", deb xulosa qilayotgani, Toshkentdan borgan mutaxassislar nazarida, O‘zbekistondagi bugungi real vaziyatga xolis baho emas. Shu bois delegatsiya amerikalik hamkasb va sheriklarini hamda mutasaddilarni mamlakatga taklif qilib, o‘zgarishlar bilan tanishishga undadi.
Asliddin Suyunov, O‘zA muxbiri Vashington.