O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shavkat Mirziyoyev Xalqaro valyuta jamg‘armasining boshqaruvchi direktorini qabul qildi
2019-04-25 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-aprel kuni “Dyaoyuytay” qarorgohida Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristin Lagardni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari XVJ bilan keyingi yillarda jadal va tizimli tus olgan hamkorlik darajasidan mamnunligini bildirdi.
Kristin Lagard Xalqaro valyuta jamg‘armasi kompleks iqtisodiy va tarkibiy yangilanishlarni amalga oshirish jarayonida O‘zbekistonga zarur barcha yordamni ko‘rsatishni davom ettirishga qat’iy intilishini ta’kidladi.
XVJ O‘zbekistonda iqtisodiy siyosatga doir jumladan aholi turmush darajasini izchil yaxshilashga xizmat qiladigan aniq choralarni ishlab chiqishda texnik ko‘mak sohalarini faol kengaytirishga tayyor ekani qayd etildi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘z tahlillariga tayangan holda mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti holatini ijobiy baholamoqda. Xususan, mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sishi joriy yilda 5,5 foiz, keyinchalik esa 6 foizga yetishi kutilmoqda.
Jamg‘arma ekspertlarining fikricha, O‘zbekiston muhim islohotlarning ilk bosqichini muvaffaqiyatli amalga oshirdi, shu jumladan, valyuta muomalasi liberallashtirildi, soliq tizimi isloh qilindi va davlat statistikasi tizimi tubdan yaxshilandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlikning joriy masalalari ko‘rib chiqildi, uning samaradorligiga yuksak baho berildi.
Jamg‘armaning texnik ko‘magi tufayli yangi soliq siyosati va ma’muriyatchiligi kontseptsiyasi ishlab chiqilib joriy etilgani, "Markaziy bank va valyutani tartibga solish to‘g‘risida" qonunning yangi tahriri loyihasi tayyorlangani, O‘zbekiston Davlat byudjeti ilk bor o‘rta muddatli asosda ishlab chiqilgani, mamlakatimiz XVJ statistika ma’lumotlari tarqatishning umumiy tizimiga qo‘shilgani ijobiy baholandi.
Prezidentimiz va XVJ boshqaruvchi direktori faol hamkorlikni, avvalo, pul-kredit siyosati, bank tizimi, soliq-byudjet siyosati, to‘lov balansini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish sohalarida davom ettirishga kelishib oldilar.
Kristin Lagard O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini mazmunli muhokama uchun minnatdorlik bildirdi hamda XVJ boshqaruvchi direktorining 2019-yil iyun oyiga mo‘ljallangan tashrifi davomida muloqotni davom ettirishga umid bildirdi.
Siz O‘zbekiston aholisi farovonligi yo‘lida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiman, - dedi Kristin Lagard.