O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toʻgarak tashkil etayotgan oʻqituvchilarga qoʻshimcha ragʻbatlantirish mexanizmi yaratildi
2019-04-24 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan 5 ta tashabbusni ilgari surgan edilar. Mazkur tashabbuslar oʻchogʻi boʻlib esa maktablar xizmat qilishi lozim.
Mazkur tashabbuslar doirasida maktablarning infratuzilmasidan maqsadli foydalanish uchun madaniy, sport va fan toʻgaraklari tashkil etiladi. Toʻgaraklarni tashkil etgan oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish esa, toʻgaraklarni samarali tashkil etishda muhim rol oʻynaydi.
Mamlakatimizda sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash, taʼlim muassasalarida madaniy, sport va fan toʻgaraklarini samarali tashkil etish hamda oʻqituvchilar mehnatini munosib ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida pullik taʼlim xizmatlarini koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori tasdiqlandi.
Qaror bilan maktablarda pullik taʼlim xizmatlarini koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjatda pullik taʼlim xizmatlari maktabda zarur moddiy-texnik baza hamda tegishli pedagog xodimlar mavjud boʻlganda yoki mutaxassis jalb etilib tashkillashtirilishi mumkinligi belgilangan. Bu kabi taʼlim xizmatlari oʻquv dasturi boʻyicha oʻquvchiga beriladigan taʼlim-tarbiya jarayoniga xalal bermasligi kerak.
Maktablarda tashkil etiladigan taʼlim xizmatlari oʻquv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat taʼlim standartlaridan tashqari) mashgʻulotlar boʻyicha maktab direktori va oʻquvchilarning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻrtasida shartnoma asosida koʻrsatilishi belgilanmoqda. Asosiysi, direktor va pedagoglar tomonidan oʻquvchilarni pullik taʼlim xizmatlariga majburiy jalb etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Nizomga koʻra, taʼlim xizmatlari narxlari Kuzatuv kengashi bilan kelishilgan holda maktab direktori tomonidan tasdiqlanadi. Toʻlovlar belgilangan tartibda banklar orqali maktabning hisob varaqlariga naqd pul yoki pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Kam taʼminlangan oila farzandlari uchun narxlar umumiy toʻlovning 50 foizi miqdorida belgilanadi.
Pullik xizmat koʻrsatishdan kelib tushadigan mablagʻlarning 50 foizidan kam boʻlmagan miqdori oʻqituvchilarga haq toʻlashga yoʻnaltiriladi. Bu esa oʻqituvchilarning mehnatini ragʻbatlantirishda muhim rol oʻynaydi.
Mazkur hujjat maktablarda qoʻshimcha taʼlim xizmatlari koʻrsatishda shaffoflikni taʼminlaydi. Shu bilan birga oʻquv muassasasining infratuzilmasi va taʼminotini yaxshilash uchun qoʻshimcha mablagʻ topish imkoniyatini yaratadi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Xalq taʼlimi muassasalarini byudjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori ham qabul qilindi.
Qaror bilan Xalq taʼlimi muassasalarini byudjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom xalq taʼlimi tizimidagi muassasalarning koʻchmas mulkini ijaraga berishdan, oʻquvchilar uchun tashkil etilgan pullik xizmatlardan, homiylik, grant va boshqa mablagʻlar hisobidan shakllantirilgan byudjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlaridan samarali va toʻgʻri foydalanishni tartibga soladi.
Xalq taʼlimi muassasalarining koʻchmas mulkini belgilangan tartibda berishdan tushgan mablagʻ, oʻquv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat taʼlim standartlaridan tashqari) bilimlar boʻyicha qoʻshimcha taʼlim berishga qaratilgan mashgʻulotlardan olingan foyda, faoliyat turi boʻyicha ishlab chiqarilgan tovarlar (ishlar va xizmatlar) realizatsiyasidan tushgan mablagʻlar, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablagʻlari, xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlari va boshqa qonun hujjatlari bilan taʼqiqlanmagan mablagʻlar xalq taʼlimi muassasalarini jamgʻarmasi mablagʻlarining manbasi hisoblanadi.
Xalq taʼlimi muassasalarining byudjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari faqat tasdiqlangan daromad va xarajatlar smetasida koʻzda tutilgan maqsadlar uchun yoʻnaltirilishi mumkin.
Bundan tashqari, muassasa rahbariga byudjetdan tashqari jamgʻarma mablagʻlarini Kuzatuv kengashi bilan kelishilgan holda erkin tasarruf etish, shu jumladan jamgʻarma daromadlarining jami summasidan 10 foizini oʻz moddiy ragʻbatlantirishi uchun yoʻnaltirish huquqi taqdim qilinadi.
Shu bilan birga, muassasaning boʻsh turgan obyektlaridan hamda boshqa mavjud imkoniyatlardan samarali va oqilona foydalanish orqali muassasaning moddiy-texnik bazasi yaxshilanadi. Bu esa oʻz navbatida, yosh avlodni tarbiyalashda hamda oʻquvchilarni maʼnaviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishga imkoniyatlar yaratadi.
Mazkur qarorlarning samarali amaliyotga joriy qilinishi ota-onalardan taʼlim muassasalarida noqonuniy yigʻimlarni bartaraf etishga ham koʻmak beradi.