O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

2019-2028 yillar davrida Oʻzbеkiston Rеspublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish stratеgiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

2019-04-18 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilishni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash sohasida izchil siyosat amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2017-2018 yillarda qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimining infratuzilmasini takomillashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borildi, 13 ta sanitariya jihatidan tozalash davlat unitar korxonalari hamda ularning tuman va shaharlardagi 172 ta filiali, shuningdek, 9 ta maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlari tashkil etildi. Koʻrilgan chora-tadbirlar aholining deyarli yarmini sanitariya jihatidan tozalash xizmatlari bilan qamrab olinishiga imkon berdi.

Shu bilan birga qishloq aholi punktlarida qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlarning yetarli darajada taʼminlanmaganligi, qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi infratuzilmaning qoniqarsiz holatda ekanligi, mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlarining sanitariya talablari va ekologik meʼyorlarga muvofiq kelmasligi mazkur sohada kompleksli chora-tadbirlarni qabul qilishni talab etmoqda.

Qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va koʻmish boʻyicha samarali tizimni yaratish, ularning fuqarolar sogʻligʻi va atrof-muhitga zararli taʼsirini bartaraf qilish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PF–5635-son “2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi, 2019-2028 yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasi (keyingi oʻrinlarda – Strategiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

aholining qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar bilan toʻliq qamrab olinishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasini rivojlantirish;

qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish;

poligonlarga koʻmish uchun yoʻnaltiriladigan qattiq maishiy chiqindilar hajmini kamaytirish, sanitariya va ekologik meʼyorlar talablariga muvofiq keladigan zamonaviy qattiq maishiy chiqindi poligonlarini yaratish, shuningdek, mavjud poligonlarni yopish va rekultivatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻrish;

sanitariya jihatidan tozalash sohasida narxlar shakllanishini takomillashtirish va tariflarni optimallashtirish;

qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish obyektlaridan muqobil energiya manbalari sifatida foydalanish.

2. Quyidagilar Strategiyaning asosiy prinsiplari etib belgilansin:

Strategiyani amalga oshirishning barcha bosqichlarida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish;

qattiq maishiy chiqindilarning atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida ular bilan amalga oshiriladigan barcha jarayonlar ustidan nazoratni taʼminlovchi qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish;

chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish boʻyicha xarajatlar chiqindilarni hosil qiluvchilar tomonidan qoplanishini koʻzda tutuvchi, tegishli huquqiy va iqtisodiy asoslarni yaratish zaruriyatini belgilovchi“ifloslantiruvchi toʻlaydi” prinsipini joriy etish;

tanlov asosida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmatlar koʻrsatish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish jarayonining ochiqligi va shaffofligi.

3. Strategiya quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishi belgilansin:

birinchi bosqich (2019-2021 yillar) – qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilik bazasini va iqtisodiy tartibotlar mexanizmlarini takomillashtirish, qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishning samarali tashkil etilishini taʼminlash maqsadida sanitariya jihatidan tozalashning moddiy-texnik bazasini va infratuzilmasini rivojlantirish, toʻlov intizomini mustahkamlash, qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida ekologik taʼlim tizimini rivojlantirish uchun metodik va axborot taʼminotini yaratish;

ikkinchi bosqich (2022-2028 yillar) – qattiq maishiy chiqindilarni saralab yigʻish boʻyicha infratuzilmani rivojlantirish, poligonlarni optimallashtirish, qayta yuklash stansiyalari va chiqindilarni qayta ishlash obyektlarini qurish, chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlari faoliyatini takomillashtirish, ularning qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, quyidagi maqsadli indikatorlarga erishish:

aholini qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar bilan qamrab olishni 100 foizga yetkazish;

hosil boʻladigan qattiq maishiy chiqindilarning kamida 60 foizini qayta ishlashni taʼminlash;

oʻziga xos qattiq maishiy chiqindilarni (tarkibida simob boʻlgan chiqindilar, avtoshinalar, akkumulyatorlar, ishlatilib boʻlingan moylar, qadoqlash chiqindilari va h.k.) qayta ishlash hajmini 25 foizgacha oshirish;

poligonlarga koʻmish uchun yoʻnaltiriladigan qattiq maishiy chiqindilar hajmini 60 foizgachakamaytirish;

barcha poligonlar holatini oʻrnatilgan talablarga muvofiqlashtirish, yopilgan poligon yerlarini toʻliq rekultivatsiya qilish;

qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish obyektlarida muqobil energiya manbalaridan 35 foizgacha foydalanish;

poligonlar holati monitoringini (yer osti (sizot) suvlari va atmosfera havosining holati ustidan nazorat) 100 foizgacha taʼminlash.

4. 2019-2028 yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Harakatlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – Harakatlar dasturi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha Harakatlar dasturida koʻzda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi Harakatlar dasturida koʻzda tutilgan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini, shuningdek, maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli moliyalashtirish mablagʻlarining xususiy sektorga jalb qilinishini taʼminlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi aholining ekologik madaniyatini oshirish boʻyicha ishlarni, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga alohida eʼtibor qaratgan holda, keng koʻlamli targʻibot faoliyatini tashkillashtirishni kuchaytirsin.

8. Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri A.J.Ramatovga – Strategiya va Harakatlar dasturining amalga oshirilishida masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkillashtirish hamda muvofiqlashtirish;

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B.T.Kuchkarov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari, masʼul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlariga – Strategiya va Harakatlar dasturida koʻzda tutilgan tadbirlarning oʻz muddatlarida bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsad va vazifalarini yoritish boʻyicha, shuningdek, Strategiya va Harakatlar dasturi amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisida maqolalar hamda mavzuga oid koʻrsatuvlarni tashkil etsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019 yil 17 aprel

 

Поделиться