O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoroda sud raislarining axboroti tinglandi
2019-04-17 | Jamiyat
Joriy yilning o‘tgan davr mobaynida Buxoro viloyatida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan jami 501 nafar shaxsga nisbatan 402 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining 1-bandida belgilanganidek, sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida Buxoro viloyat sudlari raislari tomonidan brifing o‘tkazildi.
Brifingda xotin-qizlar qo‘mitasi raislari, yoshlar ittifoqi yetakchilari, “Nuroniy” jamg‘armasi, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Brifingda Buxoro viloyatining jinoyat, fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma’muriy va iqtisodiy sudlari raislari sud-huquq sohasida qabul qilingan yangi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati, sudlar tomonidan 2019 yilning 1-choragida ko‘rilgan ishlarning umumiy tahlili, shuningdek ish toifalari tahlili yuzasidan axborot berishdi.
– Joriy yilda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi, – dedi jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi Qadrbergan Yaxshimuratov. – O‘tgan davr mobaynida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan jami 501 nafar shaxsga nisbatan 402 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda 96 taga, sudlanuvchi shaxslar soni esa 155 taga kamaygan. 274 ta ish bo‘yicha 366 nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlanib, hukm chiqarilgan. 122 nafar shaxsga nisbatan 115 ta jinoyat ishi harakatdan tugatilgan. 5 nafar shaxsga nisbatan 5 ta ishda jazo tayinlamasdan hukm chiqarilgan va 3 nafar shaxsga nisbatan shartli hukm qilingan.
Sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarda qasddan odam o‘ldirish, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, odam savdosi, bosqinchilik, talonchilik, o‘zlashtirish yoki rastrata qilish bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, o‘g‘rilik, pora berish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish kamaygan.
Biroq o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish, qasddan badanga yengil shikast yetkazish, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, haqorat qilish, giyohvanlik vositalarini o‘tkazish, bezorilik jinoyatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan oshganligi kuzatildi.
2019 yilning birinchi choragida ko‘rilgan 402 ta jinoyat ishining 164 tasi sayyor sud majlislarida ko‘rilgan. Ko‘rib tamomlangan ishlarning 314 tasi bo‘yicha xususiy ajrimlar chiqarilgan.
– Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan joriy yilning 3 oyi davomida jami 2 ming 569 ta fuqarolik ishlari mazmunan ko‘rilib hal qilingan, – dedi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi raisi Azamat Ikromov. – O‘tgan yilning shu davri bilan qiyoslanganda fuqarolik sudlariga murojaat qilish 1117 taga kamaygan. Ko‘rilgan ishlarning 2251 tasi bo‘yicha hal qiluv qarorlari chiqarilgan. 160 tasi harakatdan tugatilgan. 158 ta ish ko‘rmasdan qoldirilgan. Nikohdan ajratish haqidagi ishlar bo‘yicha 669 ta ish ko‘rilgan. Ularning 258 tasi bo‘yicha taraflarni yarashtirish yoki da’vo talabi asossiz bo‘lganligi sababli rad qilish orqali oilalarni saqlab qolishga erishilgan.
Sud majlislarining tarbiyaviy va profilaktik ahamiyatini oshirish, tomonlarga protsessda qatnashib, o‘z haq-huquqlarini himoya qilishlariga qulayliklar yaratish maqsadida hisobot davrida 960 ta ish sayyor sud majlislarida hal etilgan.
– Iqtisodiy sudlar tomonidan birinchi instansiya sudida 1321 ta, apellyatsiya instansiyasi sudida 76 ta, kassatsiya instansiyasida 53 ta ishlar ko‘rilgan, – dedi sud raisi Maqsudbek Saidov.–Ish toifasiga ko‘ra fuqarolik munosabati bo‘yicha 466 ta, ma’muriy munosabatlar bo‘yicha 797 ta, bankrotlikka oid munosabatlar bo‘yicha 54 ta, korporativ munosabatlar bo‘yicha 4 ta ish mazmunan ko‘rilgan. Masofadan turib videokonferensaloqa rejimida 227 ta ish ko‘rilgan. Natijada, 362 nafar fuqaro o‘z turar-joy hududidan chiqmagan holda, videokonferensaloqa rejimida boshqa viloyatlarda o‘tkazilgan sud protsesslarida qatnashgan.
– Buxoro viloyat ma’muriy sudi va tuman (shahar) ma’muriy sudlarining ish yurituviga joriy yilning birinchi choragida 6981 nafar shaxsga nisbatan 5481 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar birinchi instansiyada ko‘rish uchun kelib tushgan, – dedi viloyat ma’muriy sudi raisi Suxandiyor Ro‘ziev. – Shundan 5697 nafar shaxsga nisbatan 4726 ta ma’muriy ishlar sudlarda ko‘rib tamomlangan. Sud qarorlari ijrosi bo‘yicha 3 oy mobaynida 4,5 mlrd. so‘m jarima jazosi tayinlangan. Shundan 3,1 mlrd. so‘mi ixtiyoriy to‘langan. Ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish va qo‘llanilgan choralarning ta’sirchanligini oshirish maqsadida ishlarni sayyor sud majlislarida ko‘rishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, ko‘rib tamomlangan ishlarning 2480 tasi yoki 52,5 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rilgan.
Brifingda Buxoro viloyati sudlari tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilib, bu borada jamoatchilik bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilganligi ta’kidlandi.
Nargiza Quvoncheva,
jurnalist