O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2019 yilda 110 million AQSh dollariga teng investitsiya loyihalari amalga oshiriladi
2019-04-17 | Sog‘liqni saqlash
Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Toshkent shahrida sog‘liqni saqlash sohasida birinchi Xalqaro investitsiyaviy forumi bo‘lib o‘tmoqda.
“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturini ijrosini ta’minlash, sog‘liqni saqlash sohasi va farmatsevtika sanoatida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish, tibbiyot sohasining investitsion jozibadorligini oshirish va bu sohada xalqaro standartlarni joriy etishga qaratilgan forumda Rossiya, Xitoy, Frantsiya, Gretsiya, Hindiston, Belarus, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya va yaqin qo‘shnilarimiz - Qozog‘iston, Tojikiston va Ozarbayjon singari o‘ndan ziyod mamlakatlardan xorijiy kompaniyalar hamda O‘zbekiston tibbiyot va farmatsevtika sanoatining vakillari faol ishtirok etishmoqdi.
Mazkur forumda qayd etilganidek, Davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari asosida bugungi kunda sog‘liqni saqlash sohasida investitsiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilib, umumiy qiymati 600 million AQSh dollaridan ziyod 17 istiqbolli sarmoyaviy loyiha ishlab chiqilmoqda. Loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda jami 23 million AQSh dollariga teng to‘rtta investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi. Jumladan, Turkiyaning “Cani Med Health” kompaniyasi sarmoyadorlari bilan birgalikda laboratoriya markazini, Hindistonning “Pratiksha Hospital Group”bilan hamkorlikda ko‘ptarmoqli markazni tashkil etish, «Khalifa Bin Zayed AI NahyanFoundation» arab kompaniyasiko‘magida “Ona va bola” klinikasini qurish va jihozlash, Germaniyaning KfW banki tomonidan esa mintaqaviy tibbiyot markazlarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash kabi loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Ayni paytda xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida nafaqat poytaxtda, balki mamlakatning barcha hududlarida 50 ga yaqin yirik xususiy tibbiyot muassasalari tashkil etilib, samarali faoliyat yuritmoqda.
Agar 2018 yilda sog‘liqni saqlash sohasidagi xalqaro moliya institutlari ko‘magida 24 mln. AQSh dollari oltita loyihani amalga oshirishga sarflangan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich bir necha baravarga oshib, yil oxirigacha 110 mln. AQSh dollari qiymatida sakkizta loyiha amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Farmatsevtika sanoatiga investitsiyalarni yo‘naltirishga ham alohida ahamiyat berilmoqda. O‘tgan yilda farmatsevtika sanoatida 96 mln. AQSh dollariga teng 34 ta investitsiyaviy loyiha, shu jumladan, 7 ta erkin iqtisodiy zonada 61 mln. AQSh dollari qiymatidagi 8 ta loyiha amalga oshirildi. Bundan tashqari, ushbu zonalarda 169 million AQSh dollariga teng 30 loyihani amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. Joriy yilda jami 485 million AQSh dollariga teng investitsiya loyihalari amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish istiqbollari, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sanoatining sarmoyaviy salohiyati, davlat-xususiy sektor hamkorligi asosida sanoat rivojlantirish va O‘zbekistonda tibbiy turizmni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.
Forum doirasida B2B hamkorlik kooperatsiyasi birjasi ham bo‘lib o‘tadi. Shuningdek Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “O‘zekspomarkaz”da “Sog‘liqni saqlash - TIHE 2019” 24 - Xalqaro sog‘liqni saqlash ko‘rgazmasi tashkil etilib, unda 22 mamlakatdan 250 kompaniya va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tibbiy jihozlar, laboratoriyalar, farmatsevtik va stomatologik asbob-uskunalar, dori-darmon mahsulotlari bilan ishtirok etishmoqda. Ko‘rgazma doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligining “O‘zbekistonda tibbiy turizm salohiyati” mavzusida taqdimoti ham o‘tkaziladi.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Abduhakimov, Sog‘liqni saqlash vaziri A.Shadmanov, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.