O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vazirligi Turkiyaning TIKA vakolatxonasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda
2019-04-16 | Innovatsiya
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining Davlat va jamiyat qurilishiga innovatsiyalarni joriy qilish hamda tadqiq etish boshqarmasi mutaxassislari hamda Turkiyaning Oʻzbekistondagi TIKA vakolatxonasining rahbari Ali Ixchsan Chagʻlar oʻrtasida ijtimoiy yoʻnalishda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Muzokaralar davomida Oʻzbekistonda ijtimoiy sohada innovatsiyalarni joriy etish maqsadida ijtimoiy tadqiqotlarni hamkorlikda oʻtkazish, Turkiyaning innovatsion tajribasini tatbiq etish hamda Oliy taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlarining malakasini oshirish borasida seminarlarni tashkil etish yuzasidan Turkiyaning Oʻzbekistondagi TIKA vakolatxonasi bilan kelishib olindi.
Ali Ixchsan Chagʻlar turk mutaxassislarini respublikamizning barcha sohalarini rivojlantirish maqsadida jalb etishga koʻmak berishga tayyor ekanini bildirdi.
Turkiya Respublikasi Bosh vaziri Apparati huzuridagi Hamkorlik va rivojlanish boʻyicha boshqarmasi (TIKA) rivojlanayotgan mamlakatlarga koʻmak berish hamda ularga iqtisodiyot, savdo, ilmiy-texnik, madaniyat, taʼlim va ijtimoiy sohalarda munosabatlarni oʻrnatish maqsadida 1992 yili tashkil etilgan boʻlib, 20 ta mamlakatda 23 ta muvofiqlashtiruvchi idoralari faoliyat yuritmoqda.
Texnik koʻmak taqdim etish va hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishda TIKA mamlakatlarning milliy qadriyatlari, ijtimoiy va madaniy xususiyatlariga alohida eʼtibor qaratadi, ularning tajribasiga tayanadi. Ayniqsa, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar TIKAning diqqat markazida turadi. Umuman olganda, TIKA boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarni ikki turga ajratish mumkin. Bular texnik koʻmak va hamkorlikdir. Texnik koʻmak trening-dasturlar, asbob-uskunalar, mutaxassislarning xizmatlarni oʻz ichiga oluvchi ijtimoiy, moliyaviy loyihalardan iborat.