O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalq taʼlimi vaziri Boʻka tumanidagi 2-maktabga bordi
2019-04-12 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov davlatimiz rahbarining yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularni boʻsh vaqtini samarali tashkil etishga qaratilgan 5 yoʻnalishdagi tashabbusini amalga oshirish, yosh avlodning musiqa, adabiyot va sanʼatga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish, kitobxonlik hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib etish maqsadida Toshkent viloyati Boʻka tumanidagi 2-umumtaʼlim maktabiga tashrif buyurdi.
Maktabning musiqa va kutubxonasiga zamonaviy pianino va yoshlar mutolaasi uchun turli janrdagi adabiyotlar, Prezident sovgʻalari taqdim etildi. Tashrif chogʻida maktabning faollar zali, sport zali, informatika xonalari koʻzdan kechirildi va darslardagi holat oʻrganildi.
Maktab kutubxona fondining yetarli kitoblar bilan taʼminlanganligi, oʻquvchilarga yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirildi. Maktabning 10-sinf oʻquvchisi Xudoyorxon Habibullayev oʻzi yozgan sheʼrni taʼsirli va ifodali oʻqib berdi, “Otamning orzusi” nomli sheʼriy toʻplamini mehmonlarga sovgʻa qildi.
Shuningdek, maktabning 10-sinf oʻquvchisi Mavlon Bahromov Prezidentimizning 5 yoʻnalishdagi tashabbusini ingliz tilida soʻzlab berdi.
Maktab musiqa xonasiga tashrif chogʻida oʻquvchilar xorligida milliy qoʻshiqlar jonli ijro etilib, barchaning olqishiga sazovor boʻldi. Sherzod Shermatov oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan muloqotda boʻldi. Oʻqituvchilar tomonidan maktab uchun zamonaviy stadion va qoʻshimcha bino qurib berish taklifi kiritildi.
Tashrif soʻnggida vazir mana shunday ijodkor va kitobxon yoshlar safini kengaytirish lozimligini taʼkidladi.