O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“BankExpo-2019”: yangi xizmatlar, tajriba va hamkorlik istiqbollari
2019-04-12 | Iqtisodiyot
«O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasida“BankExpo-2019” milliy ko‘rgazmasi ochildi.
O‘zbekiston Banklari assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmada mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan banklar o‘zining bank xizmatlari aks etgan stendlari, tarqatma materiallari, buklet va flayerlari, malakali mutaxassislari bilan ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Banklari assotsiatsiyasi raisi B.Hamidov va boshqalar mamlakatimizda bank-moliya sohasini samarali rivojlantirish chet el investitsiyalarini jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bir qatorda davlat iqtisodiyoti o‘sishining asosiy omili ekanini ta'kidladi.
Yirik xorijiy investitsiyalarni jalb etish O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sishining muhim shartlaridan. Ayniqsa, bu jarayonda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xorijiy moliya institutlari tajribasini o‘rganish o‘ta muhimdir. “BankExpo-2019” ko‘rgazmasi bu borada amaliy ahamiyat kasb etib, unda mahalliy va xorijiy moliya institutlari va ishbilarmonlik sektori vakillari o‘rtasida samarali hamkorlik o‘rnatish va professional hudud yaratiladi.
Ko‘rgazma pavilonida aksiyadorlik tijorat Xalq banki ham o‘z imkoniyatlarini namoyish etmoqda. Ushbu bankning keyingi yillarda erishayotgan moliyaviy barqarorlik va yuqori o‘sish sur'atlari xalqaro nufuzli tashkilotlar tomonidan yuksak baholarga sazovor bo‘layotgani alohida e'tirofga sazovordir.
– Bugungi kunda yurtimizning barcha tuman va shaharlarida bankning 197 filiali, 30 minibanki, 680 chakana amaliyot kassasi, 206 xalqaro pul o‘tkazmalari shoxobchasi, 140 dan ortiq bankomat, qariyb 30 ming 200 dona to‘lov terminali mijozlar uchun xizmat ko‘rsatib kelmoqda, – dedi aksiyadorlik tijorat Xalq bankining marketing bo‘limi boshlig‘i Behruz Temirov. – Xalq banki tomonidan yurtimizda faol tadbirkorlik sub'yektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, biznes yuritishi uchun zarur shart-sharoit yaratilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 27 iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida yosh tadbirkorlarga 5 yilgacha bo‘lgan muddatga yillik 7 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilangan. Mazkur hujjat ijrosini ta'minlash yuzasidan bugungi kunga qadar 1 445 ta tadbirkorga 160,9 milliard so‘m kreditlar ajratilib, 3 845 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
«O‘zsanoatqurilishbank» aksiyadorlik tijorat banki ham ko‘rgazmaning faol ishtirokchilaridan. Ushbu moliyaviy muassasa tizimida boshqaruv va xizmat ko‘rsatishni zamonaviy uslublar asosida yo‘lga qo‘yish, Bankni transformatsiya qilish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Jumladan, bankda 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan Bankni rivojlantirish strategiyasi hamda Mijozlarga xizmat ko‘rsatish standartlari ishlab chiqilgan.
– Xalqaro mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan biznesning eng muhim 12 yo‘nalishi bo‘yicha Bankni transformatsiya qilish dasturiga ko‘ra qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – dedi «O‘zsanoatqurilishbank» aksiyadorlik tijorat bankining Strategik rivojlantirish departamenti direktori o‘rinbosari Sarvar Niyozov. – Investitsiya faoliyatini muvofiqlashtirish va loyihalarni boshqarish markazi faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Markazda “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatiladi hamda tadbirkorlar va xorijiy investorlar uchun “kredit supermarketi” tashkil etilgan. Mijozlarga masofadan xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan barcha dasturlar (“UzPSB Mobile”, “Mening bankim”, “Shaxsiy kabinet”, “Korporativ internet banking”, “UzPSB Mobile Business”, “SMS Banking”) joriy qilinayotgan yangi xizmatlarga moslashtirilgan holda takomillashtirilmoqda. Jumladan, jismoniy shaxs maqomidagi mijozlar uchun yaratilgan «UzPSB mobile» mobil ilovasining veb talqini – «Mening bankim» ishga tushirildi. Bankning yuridik shaxs maqomidagi mijozlari uchun “Korporativ internet-banking” dasturi orqali xorijiy valyutani onlayn buyurtmanoma asosida sotib olish yo‘lga qo‘yildi.
Ko‘rgazma doirasida mahalliy va xalqaro moliyaviy muassasalar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan konferensiya va matbuot anjumanida mamlakatimizga investitsiya jalb etish, o‘zaro hamkorlik istiqbollari kabi bir qator masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Nasiba Ziyodullayeva, A. Abdullayev (surat), O‘zA