“Biznes-akselerator” o‘quv-amaliy markazida Bolalar innovatsion texnoparki tashkil qilinadi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Biznes-akselerator o‘quv-amaliy markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi: https://regulation.gov.uz/uz/document/3077.
Hujjatga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Sirdaryo viloyat hokimligining O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi qoshida davlat muassasasi shaklidagi maktabgacha yoshdagi bolalar innovatsion texnoparkini o‘z ichiga olgan “Biznes-akselerator” o‘quv-amaliy markazini (keyingi o‘rinlarda - Markaz) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Markazning asosiy vazifalari:
- yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mos keluvchi o‘quv kurslarini tashkil etish;
- maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari uchun Bolalar innovatsion texnoparkini tashkil qilish va faoliyatini ta’minlash;
- Sirdaryo viloyatida kichik ishlab chiqarish tadbirkorlik sub'yektlarini tashkil etishga ko‘maklashish va marketing sohasida bilim berish;
- yoshlarda tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishni uyg‘otish, biznesni yuritish qoidalarini o‘rgatish va normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish;
- qulay muhitda yosh tadbirkorlarning biznesini yo‘lga qo‘yish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga ko‘maklashish;
- zamonaviy axborot va innovatsion pedagogik texnologiyalardan keng foydalangan holda o‘qitishni tashkil etish;
- o‘quv kurslarini tamomlagan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun investorlarni topishga ko‘maklashish;
- zamonaviy bilimlar asosida o‘sib kelayotgan yosh avlodda futuristik dunyo qarashni shakllantirish.
Qonun loyihasida keltirilishicha, Markazni joylashtirish va faoliyatini tashkil etish uchun Sirdaryo viloyati, Sirdaryo shahri, O‘zbekiston ko‘chasi, 86-uyda joylashgan Pedagogika kollejiga qarashli bo‘lgan 1- va 2-son talabalar yotoqxonasi binolari (keyingi o‘rinlarda - ob'yekt) Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy Markazga operativ boshqaruv huquqi bilan bepul beriladi.
Hujjatga ko‘ra, xususan, Tijorat banklari Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda o‘quv kurslarini tamomlagan yoshlar uchun texnologik uskunalar hamda jihozlar sotib olish va o‘z tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilishlari uchun kredit ajratilishini ta’minlash ham ko‘zda tutilgan.