O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Belarus bilan hamkorlikda ilmiy laboratoriyalar ochish taklifini berdi
2019-04-09 | Fan
Oʻzbekiston Belarusga ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, jumladan, qoʻshma laboratoriyalar ochishni taklif qildi. Bu va boshqa muhim masalalar Belarus Respublika Kengashi raisi Mixail Myasnikovichning Toshkent delegatsiyasi bilan boʻlgan uchrashuvida muhokama qilindi, deb xabar beradi BЕLTA muxbiri.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning taʼkidlashicha, Toshkent delegatsiyasi Belarusga turli sohalarda ilmiy aloqalar oʻrnatish uchun tashrif buyurdi. Oʻzbekiston sanoatga ilmiy-tadqiqot ishlanmalarini samarali joriy qilish tajribasi katta qiziqish bildirmoqda. “Niyatimiz, shu tajribani oʻrganish, Oʻzbekiston va Belarusda qoʻshma laboratoriyalar, universitetlarda fakultetlar ochish, ikkala mamlakat texnoparklari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatishdir”, dedi vazir.
- Oʻzbekiston uchun Belarusning innovatsion rivojlanish sohasidagi tajribasi, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi aloqalar namunaviydir, - soʻzida davom etdi I.Abdurahmonov.
Belarus Respublika Kengashidagi uchrashuv chogʻida muhokama qilingan Belarus-Oʻzbekiston hududlarining ilk Forumi ham shunga qaratiladi. Mixail Myasnikovichning xabar berishicha, Belarus parlamentining yuqori palatasi mazkur tadbirga faol tayyorgarlik koʻrmoqda, buning uchun tashkiliy qoʻmita ham tuzildi. Spiker shuningdek shartnomalar bazasini kengaytirish masalalarini muhokama qilishni taklif etib, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish gʻoyasini qoʻllab-quvvatladi.
Respublika Kengashi raisi soʻnggi yillarda ikki tomonlama munosabatlarning faollashganiga eʼtibor qaratdi. Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning 2018 yil sentabr oyidagi Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi mazkur hamkorlikning yanada rivojlanishiga yoʻl ochdi. Tashrif doirasida 19 ta bitim imzolanib, spikerning taʼkidlashicha, barcha yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini beruvchi tezkor shartnomaviy imkoniyatlar ochildi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston delegatsiyasiga Toshkent viloyat hokimi Gʻulomjon Ibrohimov boshchilik qilib, tashrif chogʻida savdo-iqtisodiy, investitsion va hududiy hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.