O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2019-04-06 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

So‘nggi yillarda respublikamizda ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi davlat xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
 
Shu bilan birga, ushbu sohadagi davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish ularning tezkorligi va foydalanish imkoniyatlarini oshirishni, davlat organlari faoliyatining shaffofligiga erishishni va xizmatlardan foydalanuvchilarga axborot xizmati ko‘rsatishni yaxshilashni taqozo etmoqda.
 
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish, tegishli tizimlarni davlat organlarining elektron ma’lumotlar bazalariga integratsiya qilish ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini soddalashtirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.
 
Ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish, ko‘chmas mulkni sotishda ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish, geodeziya va yer kadastri sohasiga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb etish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturidagi vazifalarni bajarishni ta’minlash maqsadida:
 
1. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Markaziy bank hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:
davlat notarial idoralari tomonidan – ko‘chmas mulkka oid bitimlarni tasdiqlash ishlarini amalga oshirishda, ko‘chmas mulkning bir qismiga bo‘lgan huquqlar vujudga kelgan, boshqa shaxsga o‘tgan, cheklangan (yuklangan) va bekor bo‘lgan hollar bundan mustasno;
 
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan – “E-IJRO AUKSION” Yagona elektron savdo maydonchasida ko‘chmas mulkni (davlat aktivlari qismida) auksion orqali sotishda;
rieltorlik tashkilotlari tomonidan – noturar ko‘chmas mulk bo‘yicha rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatishda;
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi PQ-2639-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etayotgan tijorat banklari (keyingi o‘rinlarda – tijorat banklari) tomonidan – qurilishi tugallangan uy-joyni rasmiylashtirishda “yagona darcha” tamoyili asosida Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridan (keyingi o‘rinlarda – Reyestr) ko‘chirma berish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
 
2. Belgilansinki:
 
2019 yil 1 sentyabrdan boshlab notarial harakatlar asosida vujudga keladigan Toshkent shahrida joylashgan ko‘chmas mulkka, 2020 yil 1 yanvardan boshlab esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar haqidagi ma’lumotlar Reyestrga faqat davlat notarial idorasining talabnomasiga asosan elektron shakldagi kadastr pasporti tayyorlanganidan keyin notariuslar tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda huquq egasini o‘zgartirish shaklida kiritiladi va bir vaqtning o‘zida Reyestrdan ko‘chirma beriladi;
 
2020 yilning 1 yanvaridan boshlab uy-joyga mulk huquqini hamda qonun asosidagi ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun uy-joyni foydalanishga qabul qilib olish dalolatnomasi va boshqa zarur hujjatlar tijorat banklari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar) filiallariga (keyingi o‘rinlarda – davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlar) axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuboriladi;
 
2020 yil 1 yanvardan boshlab ko‘chmas mulk ob’ektini “E-IJRO AUKSION” Yagona elektron savdo maydonchasida auksion orqali sotish (davlat aktivlari qismida) va rieltorlik xizmatlari ko‘rsatish natijasida vujudga keladigan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar tegishlicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va rieltorlik tashkilotlari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuboriladi;
 
Reyestrdan ko‘chirma Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, rieltorlik tashkilotlari va tijorat banklari (keyingi o‘rinlarda – tashkilotlar) tomonidan mulkdorning xohishiga ko‘ra elektron va (yoki) qog‘oz shaklida ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlar va qonun asosidagi ipoteka davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ushbu bandda nazarda tutilgan muddatlarda beriladi.
 
3. Belgilab qo‘yilsinki:
 
a) tashkilotlarning ma’lumotlari asosida mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida ariza talab etilmaydi;
 
b) ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni, shuningdek, qonun asosidagi ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan ro‘yxatga olish yig‘imlari undiriladi va ular quyidagi tartibda taqsimlanadi:
 
10 foizi Adliya vazirligi yoki Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (ko‘chmas mulkni “E-IJRO AUKSION” Yagona elektron savdo maydonchasida auksion orqali sotishda va rieltorlik xizmatlari ko‘rsatishda) budjetdan tashqari jamg‘armalarining shaxsiy hisobvaraqlariga yoxud tijorat banklarning bank hisob raqamiga;
 
qolgan mablag‘lar davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlarning bank hisob raqamiga o‘tkaziladi;
 
v) 2020 yil 1 yanvardan boshlab ko‘chmas mulkning yangi egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin tegishlicha davlat notarial idoralari va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlar tomonidan kommunal xizmatlarning axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi. Bunda kommunal xizmatlar ko‘chmas mulkning yangi egalaridan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilishga haqli emas.
 
4. Quyidagilar:
 
ko‘chmas mulkni begonalashtirishda davlat notarial idorasiga Reyestrga ulanish imkoniyatini bergan holda, unga bino va inshootlarning tarkibi va tegishliligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etishni;
 
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ko‘chmas mulk egalaridan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatga ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning yozuvi (shtampi) qo‘yilishini talab qilishni;
 
2020 yil 1 yanvardan boshlab qurilgan uy-joyga mulk huquqini hamda qonun asosidagi ipotekani O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlash, shuningdek, bankka ro‘yxatdan o‘tkazilgan uy-joyga nisbatan mulk huquqi to‘g‘risidagi hujjat nusxasini va qonun asosidagi ipoteka davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi shtamp qo‘yilgan kredit shartnomasini taqdim etish bo‘yicha qarz oluvchining majburiyatlarini nazarda tutuvchi tartib bekor qilinsin.
 
5. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Savdo-sanoat palatasining 2020 yil 1 yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisi (keyingi o‘rinlarda – kadastr muhandisi) institutini joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. Kadastr muhandisi shartnoma asosida ko‘chmas mulk ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazadi (birlamchi kadastr hisobi bundan mustasno), ularning qavatma-qavat rejalarini tuzadi, texnik rejalarini rasmiylashtiradi, shuningdek, ularni texnik hisobga qo‘yadi. Kadastr muhandislariga nisbatan quyidagi talablar nazarda tutiladi:
 
geodeziya va yer kadastri bo‘yicha oliy ma’lumotga ega yoki kadastr munosabatlari sohasida kasbiy qayta tayyorgarlik dasturi bo‘yicha ta’lim olgan, shuningdek, tegishli malaka komissiyalarining qarorlari asosida Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining malaka shahodatnomasini olgan shaxs kadastr muhandisi bo‘lishi mumkin;
malaka shahodatnomasini olish uchun shaxs geodeziya va yer kadastri bo‘yicha kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lishi va malaka imtihonini topshirishi shart;
 
kadastr muhandisi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs rieltorlik tashkilotlari bilan mehnat shartnomasini tuzadi.
 
6. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Energetika vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan birgalikda 2019 yil 1 mayga qadar:
 
a) quyidagilarga imkoniyat beruvchi yagona tizim (integratsiya tarmog‘i)ni yaratish:
 
kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi (gaz ta’minoti, sovuq suv ta’minoti va suv chiqarib tashlovchi, issiqlik ta’minoti (markaziy isitish va issiq suv ta’minoti), elektr ta’minoti, maishiy chiqindilarni olib ketish, o‘rnatib qo‘yilgan telefon aloqasi va boshqalar) korxonalarning axborot tizimlarini integratsiyalash;
texnik shartlarni olish, ob’ektlarni muhandis-texnik ta’minot tarmoqlariga ulash bo‘yicha shartnomalarni tuzish uchun yagona ariza berish;
debitor va kreditor qarzdorlik to‘g‘risidagi hisobni aktual holatda yuritish;
hisobga olish uskunalari ko‘rsatkichlarini onlayn tartibda qayta ishlash;
ko‘chmas mulkning kadastr raqami asosida iste’molchining unifikatsiya qilingan shaxsiy hisobvaraqasini joriy etish;
iste’molchilarga kommunal xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona shaxsiy kabinetdan olish imkoniyatini taqdim qilish;
iste’molchilarga ko‘rsatilgan kommunal xizmatlar uchun hisoblangan to‘lovlarning yagona hisob-kitobini yuborish;
davlat organlariga yagona tizimda debitor va kreditor qarzdorligi to‘g‘risidagi axborotni taqdim qilish;
 
b) yagona tizim (integratsiya tarmog‘i)ni yaratish va ishlatish, shuningdek, server uskunalari va tegishli hisoblash asboblarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida hamda xalqaro grantlarni jalb etgan holda xarid qilish va o‘rnatishning moliyalashtirish manbalarini belgilash;
 
v) kommunal xizmatlardan foydalanishning yagona hisobini yuritishni muvofiqlashtirish va tartibga solish bo‘yicha vakolatli organni uning texnik va professional tayyorgarligini inobatga olgan holda belgilash bo‘yicha takliflarni kiritsin.
 
7. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi:
 
Davlat soliq qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda 2019 yil 1 avgustga qadar Toshkent shahri bo‘yicha, 2019 yil 1 dekabrga qadar muddatda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bo‘yicha mulkdorlar – jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya ma’lumotlari (JSH ShIM) va mulkdorlar – yuridik shaxslarning identifikatsiya raqamlari (INN) Reyestrga kiritilishini;
Adliya vazirligi va tijorat banklari bilan birgalikda mavjud axborot tizimlariga zarur o‘zgartirishlar kiritilishini hamda Reyestrning mavjud ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalashuvini;
Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda, shu jumladan, malaka shahodatnomasini berish, kadastr munosabatlari sohasidagi kasbiy qayta tayyorgarlik dasturi bo‘yicha o‘qitish mexanizmini, shuningdek, kadastr muhandislari faoliyatini baholash va monitoring qilish mezonlarini nazarda tutuvchi kadastr muhandisi faoliyati bilan shug‘ullanish tartibi ishlab chiqilishini;
kadastr muhandislari faoliyati monitoringi natijalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kadastr muhandisi institutini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritilishini ta’minlasin.
 
8. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2019 yil 1 dekabrga qadar rieltorlik xizmatlari ko‘rsatish imkoniyatini ta’minlovchi yagona axborot tizimini ishlab chiqib, uni Reyestr bilan uyg‘unlashtirsin.
 
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ushbu qarorning talablaridan kelib chiqqan holda tashkilotlar tomonidan ma’lumotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlarga yuborish tartibi ishlab chiqilishini, shuningdek, ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin.
 
10. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
 
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                 Sh.MIRZIYOYEV
 
Toshkent shahri,
2019 yil 5 aprel

Поделиться