O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Quvalik uch egizak chaqaloqlar Sogʻliqni saqlash vazirligining doimiy nazoratida
2019-04-03 | Sog‘liqni saqlash
“Kun.uz” axborot saytida Quva tumani Akbarobod qishlogʻida istiqomat qiluvchi fuqaro Odina Jumayevaning uch egizak farzandini boqishning oʻziga xos mashaqqatlari, ularning salomatligi bilan bogʻliq muammolari haqida material eʼlon qilingan edi.
Maʼlum boʻlishicha, Odina Jumayevaning asosiy muammosi farzandlariga sunʼiy sut mahsulotlarini yetkazib berishdagi qiyinchiliklar boʻlgan. Uch egizak farzandlarning tibbiy nazorati esa 80-sonli qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri Ilhom Umaraliyev hamda patronaj hamshirasi Mahliyo Yangiboyeva tomonidan muntazam olib borilmoqda. Darhaqiqat, ona va bola salomatligi davlatimizning doimiy eʼtiborida boʻlib, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan har bir tugʻilgan bolaning sogʻlom voyaga yetishi muntazam nazorat qilib boriladi.
Yaqinda Quva tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻi A.Sotvoldiyev, birlashma boshligʻining oʻrinbosari D.Ibragimova hamda qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri I.Umaraliyev Odina Jumayeva xonadoniga tashrif buyurishib, chaqaloqlarning umumiy holatini yana bir bor tibbiy koʻrikdan oʻtkazishdi. Bundan tashqari, egizaklarni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish uchun viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga olib borish uchun yoʻllanma berildi.
Shunga koʻra, shu yilning 1-aprel kuni Odina Jumayeva egizak farzandlari bilan tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan ajratilgan tez tibbiy yordam mashinasida viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga olib kelindi. Markazda bosh shifokor Sh.Qoʻchqorov boshchiligida pediatr, kardiolog, nevrolog, nefrolog, kardioxirurg, ortoped, reanimatolog hamda UTT shifokorlari tomonidan egizaklar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.
Tekshiruv natijalariga koʻra, egizaklarning kattasi Iqboljon va kenjasi Imronjonlarning ahvoli qoniqarli. Oʻrtanchasi Islomjonda esa kardiologik xastalik mavjudligi aniqlanib, kerakli tibbiy muolajalar oʻtkazildi. Ayni paytda uning sogʻligʻi yaxshilanib bormoqda.
Egizaklar ayni paytda umumiy amaliyot shifokori, kardiolog hamda patronoj hamshirasi tomonidan doimiy nazoratga olingan.