O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Innovatsion rivojlanish vazirligi startap loyihalarni moliyalashtirmoqda

2019-04-02 | Innovatsiya

Joriy yilning 1 aprel kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi startap loyihalarni moliyalashtirish uchun sertifikatlar taqdim etdi.

Vazirlik tomonidan oʻtgan yilning sentabr oyida oʻz xarajatlarini oʻzi qoplash asosida moliyalashtirish uchun ustuvor innovatsion, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va “Startup” loyihalari tanlovi eʼlon qilingan boʻlib, tanlovga 500 tadan ziyod loyihalar kelib tushgan. Tanlovda qatnashgan loyihalar dolzarbligi, tijoratlashtirish imkoniyati, natijadorligi nuqtai nazaridan oʻrganildi. Qabul qilib olingan loyihalarni ilmiy-texnik kengash ekspertizadan oʻtkazib, bugunga kunga qadar ulardan 12 tasi tanlab olindi.

– Bugun ham quvonchli, ham masʼuliyatli kun, – dedi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov gʻoliblarga murojaat qilarkan. – Sizga ishonib topshirilayotgan mablagʻlar xalqimizga foyda keltiradigan, iqtisodimizning oʻsishiga xizmat qiladigan mahsulotlarni ishlab chiqarilishiga umid qilamiz.

Tanlov mavzu boʻyicha chegaralanmagan boʻlib, unda turli soha vakillari ishtirok etdilar. Moliyalashtirilishga loyiq deb topilgan loyihalar turli yoʻnalishlar boʻyicha innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan – ekinlarni kasalliklardan himoyalovchi organik oʻgʻitlar, yeryongʻoqdan diabetik holva va pastalar, gossipol smolasidan bitum, topinamburdan shifobaxsh preparat, maktabgacha va boshlangʻich sinf yoshidagi bolalar uchun elektron konstruktor, yuqumli kasalliklarning oldini oluvchi innovatsion preparatlar shular jumlasidandir.

Tanlovda qatnashgan ishtirokchilarning soni koʻp boʻlgani bois , ularning aksariyatining ishlanmalari loyihalashtirilmagani bois, albatta, noroziliklar ham vujudga keldi. Ammo shu oʻrinda ularning aksariyati startap loyihalar talablariga javob bermagani, loyihalarni amalga oshirish natijasida innovatsion mahsulot ishlab chiqarilmasligi, yoki moliyalashtirish uchun soʻralgan mablagʻlarning maqsadisiz deb topilganini qayd etish joiz.

Tanlov gʻoliblarining aksariyati grant mablagʻlari bilan bir qatorda loyihada oʻz mablagʻlari bilan ishtirok etmoqdalar. Oʻz mablagʻlari boʻlmagan taqdirda tadbirkorlar safidan investorlarni jalb qilishga muvaffaq boʻlganlarki, bu ham boʻlsa ularning loyihalarining natijador boʻlishiga ishonchni orttiradi.

– Davlatning pulini olib, ishlatish oson, – deydi shu oʻrinda startaplar ilmiy-texnik kengashining raisi, tadbirkor Hasan Mamasaidov. – Loyihaning naqadar omadli boʻlishi, tadbirkorning oʻz mablagʻini sarflashga tayyorligi bilan ham baholanadi. Innovatsion mahsulot ishlab chiqarish uchun uyining atrofini pishiq gʻisht bilan oʻrab olish yoki qishloq xoʻjaligi ishlarini amalga oshirish uchun qimmat traktor xarid qilish uchun mablagʻ soʻrash oʻrinsizdir. Startap loyihalarda ham xuddi har qanday biznesdek, imkon qadar kam pul sarflanib, koʻp daromad koʻrish imkoniyatlari izlanishi kerak.

Oʻz biznes modellarini keyinchalik xorijga eksport qilish, taʼbir joiz boʻlsa, butun dunyoga yoyish imkoniyatini qoʻlga kiritgan tanlov gʻoliblari yurtimiz innovatsion ekotizimini yaratishlari uchun kengroq sharoitlar yaratish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi ularni Ilgʻor texnologiyalar markazidagi Ilmiy startaplar akseleratorining rezidentlari boʻlishga taklif etdi. Akseleratorda ular mazkur sohada xalqaro tajribaga ega mentorlarning xizmatlaridan foydalanishlari mumkin boʻlib, mentorlarning maslahatlari bilan startap loyihalarining muvaffaqiyatli kechishiga zamin yaratiladi, yangi mahsulotlarni bozorga olib chiqishlarida raqobatbardoshlikni oshirish yoʻllari izlanadi.

Yaqin kunlarda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan startap loyihalarning yangi tanlovi eʼlon qilinadi. Navbatdagi tanlovga startap loyihalariga qoʻyiladigan talablarga mos loyihalarning topshirilishida tanlovning ilk gʻoliblari orttirgan tajribalari katta ahamiyatga ega. Bunda ilk gʻoliblar oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashishga tayyorligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan bir qatorda Innovatsion rivojlanish vazirligi yangi tanlovda barcha innovatorlar, tadbirkorlar, ilmiy salohiyati bor, texnik koʻnikmalarga ega ijodiy fikrlaydigan barcha yurtdoshlarimizni tanlovda faol ishtirok etishga chorlaydi.

Поделиться