O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Odam savdosiga qarshi kurashish borasida davlatlararo hamkorlikning yangi bosqichi
2019-04-02 | Jamiyat
Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston Respublikalarining Ichki ishlar vazirliklari oʻrtasida qabul qilingan “2019-2023-yillarda jinoyatchilikka qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi choralar dasturining ijrosini taʼminlash hamda 2018-yil 6-oktabrda Qirgʻiziston Respublikasining Choʻlponota shahrida boʻlib oʻtgan ichki ishlar vazirlari uchrashuvida erishilgan kelishuvga asosan, joriy yilning 26-mart kunidan belgilangan davlatlar hududida bir vaqtning oʻzida “Stop trafik” tezkor-profilaktik tadbirlari boshlandi.
Ushbu tadbir doirasida Qirgʻiziston va Qozogʻiston Respublikalari Ichki ishlar vazirliklarining odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha masʼul rahbar xodimlari ishtirok etish va tajriba almashish maqsadida respublikamizga tashrif buyurdilar.
Dastavval qoʻshni davlatlardagi hamkasblarimiz Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida boʻlib, mehmonlarni vazirlikning Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshligʻi, ishchi organ masʼul tuzilmasining rahbari polkovnik Ulugʻbek Gaynazarov kutib oldi va Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasining ishchi guruhi aʼzolari hamda faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi. Uchrashuv davomida hozirda mavjud global muammolar qizgʻin muhokama qilindi.
Shundan soʻng, mehmonlar yurtimizda odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish uchun Odam savdosi jabrdiydalarga yordam berish boʻyicha Respublika reabilitatsiya markaziga tashrif buyurdilar.
Tadbir natijalari yuzasidan qoʻshimcha axborot beriladi.