O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xivada Ogahiy maktabi tashkil etiladi
2019-03-29 | Ta’lim
Joriy yilning 20-martida Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish toʻgʻrisida” qaror qabul qilingan edi. Mazkur qarorga binoan 2019-yilning dekabr oyida Ogahiy tavalludining 210 yilligi mamlakat miqyosida keng nishonlanishi va Ogahiy nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib oʻqitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatining tashkil etilishi belgilandi.
Taʼkidlash joizki, Xiva shahrida Ogahiy nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib oʻqitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatining tashkil etilishi isteʼdodli yoshlarga keng imkoniyatlar yaratadi. Mazkur ijod maktabi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufiga kiritilib, 2019-2020 oʻquv yilida maktabning 5-, 6-, 7- va 8-sinflariga hamda 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab 5-sinfga 30 nafardan oʻquvchi tanlov asosida qabul qilinadi.
Xalq taʼlimi vaziri ijod maktabining moddiy-texnik bazasi, imkoniyatlari, pedagog kadrlarning salohiyati hamda mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqib, keyingi yillarda oʻquvchilarni qabul qilish kvotalariga oʻzgartirish kiritishi mumkin.
Ijod maktabiga iqtidorli oʻquvchilarni saralab olish maqsadida ona tili va adabiyot, xorijiy tillar boʻyicha test hamda ijodiy tanlov oʻtkaziladi. Shuningdek, mazkur taʼlim maskaniga oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan iqtidorli pedagoglar jalb etiladi.2019-2020 oʻquv yilidan boshlab maktab darslik, oʻquv-metodik qoʻllanma va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlanadi.