O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻqituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish bilan bogʻliq muammolar va ularning yechimlari
2019-03-28 | Ta’lim
Xalq taʼlimi vaziri hamda vazirlik masʼullari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oʻqituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish bilan bogʻliq muammolar” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Anjumanda Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov tomonidan OAV vakillarining taʼlim tizimiga oid barcha savollariga batafsil javob berildi.
Dastlab, Xalq taʼlimi vaziri yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida taʼlim tizimida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani borasida alohida toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, jamiyatda oʻqituvchilar nufuzini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida quyidagi fikrlarni bildirdi:
-Xabaringiz bor, 2018-yilning 14-avgust kuni Prezidentimizning “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror oʻqituvchilarni jamiyatdagi mavqeyini oshirish boʻyicha qator chora-tadbirlarni belgilab berdi. Xususan, qaror asosida mamlakatimiz tarixida ilk bor oʻqituvchilarning maoshlari oshirildi.
Tan olish kerakki, soʻnggi vaqtlarda jamiyatda oʻqituvchilar obroʻsi tushib ketgan edi. Shu boisdan ham, oʻqituvchilar nufuzini oshirishga katta eʼtibor qaratila boshlandi. Qisqa muddat ichida 13 mingdan ziyod erkak oʻqituvchi sohaga qaytdi. Viloyatdagi oʻqituvchilar mehnat faoliyatida ham ijobiy oʻzgarishlar kuzatila boshladi.
Islohotlarning asosiy yoʻnalishlaridan yana biri oʻqituvchilarni pedagogik faoliyatiga oid boʻlmagan turli tadbir va ishlarga jalb qilishni toʻxtatishdan iborat edi. Yuqorida aytib oʻtilgan qaror asosida, xalq taʼlimi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, mavsumiy qishloq xoʻjaligi hamda boshqa turdagi ishlarga jalb etish taqiqlandi.
Xalq taʼlimi vaziri nutqida rahbarlarning oʻzi taʼlim olgan maktabga eʼtibori va yordami natijasida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovorligini taʼkidladi. Shu bilan birga, maktablarga eʼtibor, kadrlar yetishmovchiligi, taʼlim muassasalarining moddiy texnik bazasi, oʻquvchilar bilimini oshirishda hamkorlikdagi aloqalar, jumladan, xususiy maktablar hamda taʼlim sohasidagi chet el tajribalariga ham alohida toʻxtalib oʻtdi. OAV xodimlarining Xalq taʼlimi vazirligiga qilinayotgan murojaatlar boʻyicha berilgan savollariga quyidagicha javob berdi:
-Bugungi kunda Xalq taʼlimi vazirligiga tizimga oid koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Ushbu murojaatlarga tezkor javob berish maqsadida Xalq taʼlimi vazirligida ishonch telefoni, ijtimoiy tarmoqlardan facebook hamda telegramm botlari ishga tushirilgan. Barcha murojaatlarga imkon qadar oʻz vaqtida javob berilmoqda. Shunga qaramay, murojaatlar soni koʻpligi bois ayrimlariga javob berish bir oz vaqt talab etadi.
Anjumanda Xalq taʼlimi vaziri olis hududlardagi maktablarda shart-sharoitlar yetarli emasligi, isitish tizimi masalalariga ham sharh berib oʻtdi. Jumladan, bolalarning is gazidan zaharlanayotganligiga oid muammolar hanuzgacha davom etayotgani hamda mazkur masalaning ildizi “burjuyka” pechlariga borib taqalayotganini tahlil qilib berdi. Bundan tashqari, maktab infrastrukturasini taʼminlash mahalliy hokimiyat zimmasiga yuklanganligi, lekin shunga qaramay taʼlim muassasalari uchun yetarli mablagʻ ajratilmayotgani borasida shunday dedi:
-Maktablarning moddiy-texnik bazasi, shuningdek, boshqa xarajatlarni taʼminlash mahalliy hokimlar zimmasiga yuklangan. Mablagʻ yoʻqligi muammo boʻlgani bois maktab pardasi yoki boshqa kamchiliklar uchun oʻquvchilardan pul yigʻish masalasi ham uchrardi. Mazkur muammolarni bartaraf etish uchun maktablarda Kuzatuv kengashi tuzildi. Kengash aʼzolariga maktab direktori faoliyatini baholash topshirildi. Shu bilan birga homiylar tomonidan kelib tushadigan mablagʻlarni jamoatchilik nazorati ostida sarflanishini doimiy kuzatib borish vazifasi berildi.
Kuzatuv kengashi faoliyatini yoʻlga qoʻyishdan asosiy maqsad, maktabdagi pul yigʻish masalasiga chek qoʻyish edi.
Sh.Shermatovning taʼkidlashicha, bugun ayrim maktab direktorlari taʼlim muassasasida oʻquvchilarning mukammal bilim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Bunga misol tariqasida Olmazor tumanidagi 224-maktabni keltirish mumkin. Mazkur taʼlim muassasasi binosi eski boʻlgani bois maktab butkul yopilib ketmasligi uchun direktor homiylarni maskanni taʼmirlash ishlariga jalb etdi. Natijada maktabda bir yil davomida 10 milliarddan koʻp pul mablagʻi jamlandi. Ushbu mablagʻ evaziga maktab zamonaviy koʻrinishda qad rostladi. Birgina ayol rahbarning mana shunday ibratli ishini barchaga oʻrnak qilib koʻrsatsa arziydi.
- Mana, yaqinda Keniyadagi oddiy qishloq muallimi Dunyoning eng yaxshi oʻqituvchisi sovrini (“Global Teacher Prize”) va 1 mln dollar mukofot pulini qoʻlga kiritdi, – dedi Sherzod Shermatov. – Yurtimizda ham ana shunday fidoyi, vijdonli oʻqituvchilar bor. Ularni izlab topishimiz, yuzaga chiqarishimiz kerak. Bunda OAVning roli katta. Hurmatli jurnalistlar, maktabga bor mehrini bergan va kasbini hayotining mazmuni deb biladigan oʻqituvchilarni topishda ko'mak bering. Vaqti kelib, jamiyatda oʻqituvchining mavqeyi bundan ham yuksaladi. Prezidentimiz har bir videoselektorda oʻqituvchilar haqida albatta gapirib oʻtadi. “Ularning oyligini 1000 dollarga chiqarmaguncha toʻxtamaymiz”, deya ta'kidlaydi. Kelgusida bu maqsadlarni amalga oshirishda barcha imkoniyatlarni ishga solamiz va albatta shu darajaga yetkazamiz.
Anjumanda 2019-yilning 20-fevralida yurtboshimiz “Prezident maktablarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorining imzolanishi muhim tashabbuslardan biri boʻlganligi alohida qayd etildi. Prezident maktablari mamlakatning barcha hududlarida bosqichma bosqich tashkil etilishi, eng asosiysi, mazkur maktablarni ochishdan maqsad - yurtimiz rivojiga hissa qoʻshuvchi avlodning yetishib chiqishini aytib oʻtildi.
- Prezident maktablariga oʻquvchilar faqat bilimiga qarab qabul qilinadi. Hech qanday tanish-bilishchilik, pul, iltimoslarga aslo yoʻl qoʻyilmaydi, – dedi vazir. – Prezidentimiz maktabga qabul jarayonini baholash uchun eng yuqori tajribaga ega xorijiy mutaxassislarni olib kelish talabini qoʻydi. Shuning uchun biz bir qancha davlatlarda mavjud amaliyotni oʻrgandik. Tahlillarimizdan soʻng Cambridge universitetining Cambridge Assessment kompaniyasini tanlab oldik. Bu test oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi dunyodagi eng nufuzli tashkilotlardan biri hisoblanadi. Oʻquvchi-nomzodlarni Prezident maktablariga qabul qilishni Cambridge Assessment toʻliq nazorat qiladi. Maqsad – halol raqobat asosida iqtidorli, ilmga chanqoq yoshlarni tanlab olish”.
Anjuman soʻngida Xalq taʼlimi vaziri OAV vakillariga oʻqituvchilarning jamiyatdagi mavqeyini oshirishda oʻz hissasini qoʻshayotgani uchun minnatdorchilik bildirib, bu boradagi ishlarni hamkorlikda davom ettirishga chorladi.