O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

AQSh Oʻzbekiston paxtasini sotib olishga taqiqni bekor qildi

2019-03-28 | Iqtisodiyot

Oʻzbekistonning Vashington shahridagi Elchixonasi maʼlumotlariga koʻra, 2019-yil 25-mart kuni AQSh Mehnat departamenti 13126-sonli Ijroviy buyruq roʻyxatidan Oʻzbekiston paxtasini chiqarish boʻyicha yakuniy qaror qabul qildi, ushbu hujjat prezidentlik akti boʻlib, majburiy bolalar mehnatidan foydalangan holda tayyorlangan tovarlarning AQShda davlat xaridini taqiqlaydi.

Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan paxta 2010-yili ushbu roʻyxatga kiritilgan edi.

Ushbu masalani jamoatchilik orasida ochiq muhokama qilish AQSh idorasi tashabbusi bilan oʻtgan yilning iyul oyi soʻnggida boshlangan edi. AQSh Mehnat departamenti maʼlumotiga koʻra, jamoatchilik muhokamasi davomida “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi va “Xalqaro mehnatkashlar huquqlari boʻyicha forum” (ILRF) kabi inson huquqlari tashkilotlari, shuningdek, Vashingtondagi Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonasi taqdim etgan rasmiy sharhlar ham tahlil qilingan.

AQSh idorasi “Cotton Campaign” koalitsiyasining bunday qaror qabul qilish barvaqtligi toʻgʻrisidagi dalillarini izohlar ekan, bolalar mehnati holatlari sanoqliligi, olib borilayotgan tekshiruvlar va sud kuzatuvi samaradorligining oshganligini koʻrsatib oʻtdi. Shu bilan birga, avvalgi yillardagidan farqli oʻlaroq, tekshiruvlar fuqarolik jamiyati faollari tomonidan aniqlangan dalillar asosida oʻtkazilganligi taʼkidlandi.

Qarorda qayta aloqa mexanizmi, davlat mehnat inspeksiyasining “yagona aloqa” markazi, mintaqalarda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi huzuridagi “yuridik klinikalar” hamda Prezident “xalq qabulxonalari”ning muvaffaqiyatli joriy etilishi va bu tizim orqali ishchilar huquqlari buzilish holatlarini samarali aniqlash va ularga javob qaytarish imkoni yaratilganligi ham qayd etilgan.

“Olingan sharhlar va mavjud maʼlumotlar batafsil oʻrganilganidan soʻng departamentlar Oʻzbekistonda paxtani yigʻib olishda majburiy bolalar mehnatidan foydalanishning yakka holatlar darajasigacha sezilarli qisqarganini qayd etdi. Natijada mazkur mahsulot bundan buyon Ijroviy buyruq roʻyxatiga kiritish uchun zarur shartlarga mos kelmaydi”, - deya xulosa qilinadi Mehnat departamenti qarorida.

Amerika idorasining paxtani mazkur roʻyxatdan chiqarish toʻgʻrisidagi qarori AQShning har qanday davlat tashkilotiga mazkur mahsulotni sertifikatlash (bolalar va majburiy mehnatdan foydalanmagan holda ishlab chiqarilganligi toʻgʻrisida) talabisiz sotib olishga ruxsat beradi. Shuningdek, AQSh Mehnat departamenti vakillarining fikriga koʻra, Oʻzbekiston paxtasining ushbu roʻyxatdan chiqarilishi AQSh xususiy kompaniyalariga oʻzining ishbilarmonlik nufuzida dogʻ tushishidan xavotirlanmay Oʻzbekiston mahsulot yetkazib beruvchilar bilan biznes aloqalariga kirishish imkonini beradi. Shunday qilib, Oʻzbekiston paxta yetishtiruvchilari uchun AQSh bozoriga toʻlaqonli kirishning yangi istiqbollari ochilmoqda.

Ilgariroq, oʻtgan yilning sentyabr oyida AQSh Mehnat departamenti Oʻzbekiston paxtasini “Bolalar mehnatidan foydalangan holda ishlab chiqilgan mahsulotlar roʻyxati”dan chiqargan edi.

Ushbu hujjat bu kabi boshqa qarorlar qatorini toʻldirdi. Xususan, Davlat departamentining odam savdosi toʻgʻrisidagi hisobotida Oʻzbekiston darajasini uchinchi toifadan ikkinchiga toifaga koʻtarish hamda bolalar mehnatining eng yomon shakllari toʻgʻrisidagi Mehnat departamentining avvalgi hisobotida mamlakat mavqeyi yaxshilanganligi borasidagi qarorlari shular jumlasidan.

Mazkur qarorlar Oʻzbekistonda inson huquqlari holatini yaxshilash hamda avval kiritilgan barcha cheklovlarni rejali asosda olib tashlash boʻyicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan choralar AQSh tomonidan eʼtirof etilganligini tasdiqlaydi.

Qayd etish joizki, AQSh hukumatining mazkur qarorlari Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki tomonidan olib borilgan kuzatishlar xulosalari va natijalariga mos keladi.

Поделиться