O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ota-onalarni uzoq muddatga chet el mamlakatlariga ishlash uchun chiqishlarini cheklash maqsadida qonun qabul qilish taklifi boʻyicha izoh
2019-03-28 | Jamiyat
Joriy yilning 23-26-mart kunlari Samarqand shahrida “Ilm-fan – kelajak poydevori” shiori ostidagi “Qizlarjon” oʻquvchi-qizlar sammitida voyaga yetmagan farzandlari boʻlgan ota-onalarni uzoq muddatga chet el mamlakatlariga ishlash uchun chiqishlarini cheklash maqsadida qonun qabul qilish haqidagi murojaati boʻyicha Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati shuni maʼlum qiladi.
“Qizlarjon” oʻquvchi-qizlar sammiti doirasida ishtirokchilar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlariga oʻzlarini qiziqtirgan va tashvishga solgan masalalari bilan murojaat etishdi. Ochiq muloqot tarzida oʻtgan sammitda ishtirokchilar tomonidan turli mavzularga oid takliflar berildi.
Tadbir ishtirokchisi voyaga yetmagan farzandlari boʻlgan onalarni uzoq muddatga chet el mamlakatlariga ishlash uchun chiqishlarini cheklash maqsadida qonun qabul qilish boʻyicha taklif bergan.
Bu taklif qizlarning atrofdagi voqealarni oʻrganishlari asosida berilgan. Yaʼni, ota-onalari xorijga ishga ketgan ayrim yoshlar turli nojoʻya ishlarga, jumladan jinoyatchilikka ham aralashib qolmoqda.
Mazkur taklif hech kim tomonidan ataylab uyushtirilmagan. Taklif bergan qizlarning voyaga yetmaganligini hisobga olib, sammit davomida mutaxassislar tomonidan qonun birinchi navbatda inson manfaatlariga zid boʻlmasligi va bu mazmundagi normativ hujjatlar fuqarolarning erkinligini cheklashiga olib kelishi haqida batafsil tushuncha berildi.