O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AQSHlik hamkorlar bilan 32,4 million dollarlik 500 ta traktor ishlab chiqariladi
2019-03-27 | Iqtisodiyot
AQSHning “JOHN DEERE” kompaniyasi vakillari “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatiga tashrif buyurdi. Uchrashuvda tomonlar qishloq xoʻjaligi mashinasozligi sohasida hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar va yaqin istiqboldagi vazifalar xususida fikr bildirdi. Shuningdek, oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi “Agrotexmash-DD” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham ana shunday hamkorlikning yorqin ifodasidir. Ayni paytda mazkur korxonada “JOHN DEERE” brendi ostida turli rusumdagi traktorlar, paxta terish mashinalari ishlab chiqarilmoqda. 2018 yilda korxonada 300 dona traktor va paxta terish mashinalari ishlab chiqarilib, hududlardagi dehqon va fermer xoʻjaliklariga yetkazib berildi.
– “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” aksiyadorlik jamiyati va “JOHN DEERE” kompaniyasi oʻrtasida imzolangan shartnomaga muvofiq, umumiy qiymati 32,4 million dollarlik 500 dona traktor ishlab chiqarish yuzasidan saʼy-harakatlar olib borilmoqda, – deydi “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Muxtor Karimov. – Bu, oʻz navbatida, dehqonning ogʻirini yengil, hosilining barakali boʻlishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Tashrif doirasida mehmonlar “OʻzKlaasAgro” Oʻzbekiston–Germaniya qoʻshma korxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Ularga bu yerda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, yaratilgan sharoit haqida batafsil maʼlumot berildi.
Abdulaziz Musayev, OʻzA