O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Komil Allamjonov Noshirlik-matbaa kasb-hunar kolleji kutubxonasiga kitoblar jamlanmasini sovgʻa qildi
2019-03-26 | Ta’lim
Shu yilning 19 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikni targʻib qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari yigʻilishda aholi, ayniqsa, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish masalasiga alohida toʻxtalib, “Har bir rahbar oʻzining shaxsiy kutubxonasidan oʻzi taʼlim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar sovgʻa qilsa, bu yaxshi tashabbus boʻlib kitobxonlikni rivojlantirish bilan farzandlarimiz tarbiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi”, deb taʼkidladi.
Prezidentimizning ushbu tashabbusi davlat organlari, keng jamoatchilik tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov Noshirlik-matbaa faoliyati sohasida mutaxassislarni tayyorlash kasb-hunar kolleji kutubxonasiga kitoblar jamlanmasini sovgʻa qildi.
Agentlik rahbar-xodimlari, kollej oʻqituvchi va oʻquvchilari ishtirok etgan tadbirda taʼlim maskani kutubxonasi 300 dan ortiq kitobga boyidi.
“Davlatimiz rahbari tomonidan oʻrtaga tashlangan bu tashabbus bevosita kelajak avlod taqdiri bilan bogʻliq, – dedi Komil Allamjonov.
– Inson qancha koʻp kitob oʻqisa, maʼnaviyati shuncha yuksaladi, dunyoqarashi, hayotga boʻlgan munosabati oʻzgaradi. Agar kitoblarimiz sifatli, mazmunli chiqishini xohlasak, boʻlajak noshirlarga koʻproq kitob sovgʻa qilishimiz, ularni kitobga doʻst qilishimiz kerak”.
Shundan soʻng Komil Allamjonov Agentlikning Noshirlik-matbaa faoliyati sohasida mutaxassislarni tayyorlash kasb-hunar kolleji bilan tanishdi.
Aytish kerakki, ushbu taʼlim muassasasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2 fevraldagi Farmoniga muvofiq Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufiga oʻtkazilgan.
Hozir mamlakatimizda 1700 dan ziyod matbaa korxonasi faoliyat yuritmoqda. Kollej mazkur korxonalarga oʻrta maxsus maʼlumotli kadrlarni tayyorlab beradi. Taʼlim maskanida 800 dan ortiq yigit-qiz “Matbaa ishlab chiqarish texnik-texnologi”, “Dasturiy injiniring texnigi”, “Axborot-resurs markazi kutubxonachisi”, “Hisobchi” kabi 6 yoʻnalish boʻyicha taʼlim olmoqda.
“Ixtisosliklar va oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqish zamon talabi, deb hisoblayman, – dedi Agentlik rahbari.
– Chunki bizga matbaa sohasida innovatsion texnologiyalarni boshqaradigan zamonaviy mutaxassislar kerak”.
Oʻquvchilarga har tomonlama sharoit yaratish maqsadida kollej binosi, sinfxonalar, majlislar zali, tashqi sport majmuasi toʻliq taʼmirdan chiqariladi. Kollej hovlisida foydalanilmay yotgan omborxona buzilib, oʻrnida ikki qavatli trenajyor zali quriladi. Natijada nafaqat oʻquvchilar, balki yon-atrofdagi mahalla yoshlari ham shugʻullanishi uchun imkon yaratiladi.
Qayd etilganidek, matbaa sohasidagi texnologiyalar yildan-yilga yangilanmoqda. Lekin kollejda mavjud aksariyat oʻquv qoʻllanmalar maʼnan eskirgan. Javonlarda oʻtgan asr texnikalari haqidagi kitoblar ham yoʻq emas. Shu bois taʼlim resurslarini yangilash, yangi avlod darsliklarini yaratish ustida ish boshlash lozimligi taʼkidlandi.