O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sogʻliqni saqlash vaziri global muammo yechimini aytdi
2019-03-26 | Sog‘liqni saqlash
Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan bu galgi respublika ommaviy tadbiri “Salomatlik sari qadam kuni”, deya nomlandi.
Aholining sogʻlom turmush tarziga amal qilishini qoʻllab-quvvatlash hamda jismoniy faollikka chorlashni maqsad qilgan mazkur tadbir yurtimizdagi barcha tuman va shaharlardagi istirohat bogʻlarida oʻtkazildi. Musobaqalarda hududda joylashgan barcha tibbiyot muassasalari, mahalla fuqarolar yigʻinlari, korxona va tashkilotlardan kelgan jamoalar ishtirok etishdi. Ushbu kunning bayramona kayfiyatda oʻtishida tibbiyot sohasining koʻzga koʻringan, tajribali shifokor olimlari bilan birgalikda tegishli hokimliklarning madaniyat boʻlimlari, sanʼat saroylari vakillari, oʻsha hududda yashovchi fan, madaniyat, sanʼat arboblari, sport namoyondalari, xalq orasida obroʻ-eʼtiborga ega fuqarolar ham munosib hissa qoʻshishdi.
Jumladan, poytaxtimizdagi Zahriddin Muhammad Bobur nomidagi markaziy ekobogʻda jam boʻlgan Sogʻliqni saqlash vazirligi markaziy apparati hamda boshqa hamkor davlat va jamoat tashkilotlari vakillarining ommaviy ravishda 4 kilometrga yurishi bilan Salomatlik sari qadam kuniga start berildi. Shuningdek, har bir muassasa jamoalari shaxmat, shashka, yugurish, estafeta, arqonda sakrash, badminton, stol tennisi, sport yurishi, toʻsiqlardan oʻtish estafetasi hamda xalqa aylantirish sport turlari boʻyicha oʻzaro bellashdi. Ushbu sport turlaridagi musobaqalarda qatnashish, avvalo, salomatlik garovi. Shuningdek, mantiqan fikrlash, xotira va diqqatni charxlaydi, boʻgʻimlarning harakatchanligi yaxshilanib, kuch, tezlik, chidamlilik va qobiliyatni tarbiyalaydi. Bundan tashqari, yuqori yelka kamari, oyoq-qoʻllar mushaklari ishi faollashib, organizmning hamma aʼzolari va tizimlari ishi ragʻbatlantiriladi.
– Bugungi kunda insonlarda kamharakatlilik oqibatida yuzaga kelayotgan turli kasalliklar dunyo miqyosida global muammoga aylangan. Kamharakatli hayot tarzi shu tariqa davom etsa, kelgusida bemorlar tibbiyot tizimidagi barcha statsionar shifoxonalarga ham sigʻmay qolishi mumkin. Bu nafaqat jamiyat uchun, balki har bir shaxsning oʻzi uchun ham jiddiy tashvishdir, – deydi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. – Shu bois sogʻlom turmush tarziga amal qilish yuqoridagi kabi global muammolarga yechim boʻladi. Prezidentimiz tibbiyot xodimlari oldiga kasallikni emas, avvalo, uning profilaktikasiga eʼtibor qaratishni muhim vazifa sifatida qoʻyayotgani ham bejiz emas. Shuning uchun vazirligimiz ushbu yoʻnalishdagi targʻibot ishlariga alohida eʼtibor qaratib, bu borada ommaviy tadbirlarni muntazam oʻtkazib kelmoqda. Bu esa aholining jismoniy faollikka boʻlgan qiziqishini oshirib, oʻz salomatligiga eʼtiborli boʻlishida muhim oʻrin tutmoqda. Bugungi tadbirni ham bejizga yurish bilan boshlamadik. Muntazam yurish qon bosimini meʼyorda ushlaydi, xotirjamlik baxsh etadi. Masalan, toza havoda, hatto, yomgʻirli kunda ham atigi 25 daqiqa sayr qilsangiz, oʻzingizni baxtli his qilasiz, tushkunlikni yengasiz.
Ommaviy tadbir doirasida aholining salomatlik holatini baholash, noinfeksion kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf omillarini aniqlash hamda ularning profilaktikasi boʻyicha tegishli maslahatlarni berish maqsadida vazirlik tomonidan “Salomatlik maydonchalari” tashkil qilindi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan “Sogʻlom turmush tarzi asoslari”, “Sogʻlom ovqatlanish tamoyillari”, “Jismoniy faollikning inson organizmiga taʼsiri” mavzularida suhbatlar tashkil etilgani aholining sogʻlom turmush tarziga boʻlgan qiziqishini oshirdi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan uyushtirilgan mazkur ommaviy tadbir yurtimiz boʻylab koʻtarinki ruhda tashkil etildi. Eslatib oʻtamiz, kelgusi shanba, 30 mart vazirlik tomonidan mamlakatimiz hududlarida Velosipedda sayr kuni oʻtkaziladi.