O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buyuk Britaniya bilan IT-sohasidagi hamkorlik kuchaytiriladi
2019-03-25 | Texnologiyalar
2019-yilning 18-22 mart kunlari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi Buyuk Britaniyaning London shahrida boʻlib, bir qator tashkilotlar va AT-kompaniyalari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
Muzokaralar natijasiga koʻra, “London TechWeek 2019”da mahalliy AT-kompaniyalarining ishtiroki hamda unda respublikamizni taqdim etish, Britaniya innovatsiyalar agentligi ochiq fondi mablagʻlarini jalb qilish maqsadida Toshkent shahridagi Inha universiteti va Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti “startap-loyihalari”ni Buyuk Britaniyaning qoʻllab-quvvatlash dasturlarida ishtiroki, magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha mahalliy kadrlarning oʻqishlarini tashkil etish borasida Alan Tyuring instituti bilan yaqin munosabatlar oʻrnatish masalalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Delegatsiya tashrifi doirasida, shuningdek, Tech Nation agentligi bilan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum imzolandi. U Toshkent shahridagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari Texnologik parkidagi AT-tadbirkorlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Tech Nation dasturlarini tatbiq etish, AT-kompaniyalari ekotizimini takomillashtirish, texnologik kompaniyalar dasturlari va mexanizmlari boʻyicha tajriba almashish va ularning kelgusidagi moliyalashtirilishi yuzasidan hamkorlikni nazarda tutadi.
Tech Nation 10 yil davomida Londondan tortib Birlashgan Qirollikning barcha hududlarini qamrab olgan holda, raqamli va kreativ ekotizimni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish ustida ish olib borayotgan Buyuk Britaniyadagi nufuzli agentlikdir.
Agentlik ulkan maqsadlarga ega boʻlgan texnologik tadbirkorlarni ularning rivojlanishini dastlabki, oʻrta va soʻnggi bosqichlarida qoʻllab-quvvatlash bilan shugʻullanadi. U mutaxassislar uchun oʻquvlar tashkil etadi hamda butun dunyo boʻylab raqamli texnologiyalar mutaxassislarini jalb etish maqsadida ularga viza masalalarida maxsus koʻmak koʻrsatadi.