O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Poytaxtimiz karate WKF boʻyicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi
2019-03-20 | Sport
19-mart kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga Osiyo karate federatsiyasining bosh menejeri Vinsent Chen boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Uchrashuvda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Oybek Qosimov, vazirlikning tegishli boshqarmalari boshliqlari Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi raisi Alamjon Mullayev hamda federatsiya Bosh kotibi Kamoliddin Xodjiniyazov ishtirok etishdi.
Tadbirda asosiy mavzu sifatida karate WKF boʻyicha Oʻzbekistonda oʻtadigan Osiyo chempionati tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, tomonlar karateni yurtimizda yanada ommalashtirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, sportchilarimizni nufuzli musobaqalarga tayyorlash boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar haqida oʻzlari fikr almashishdi.
Oybek Qosimov delegatsiya aʼzolariga soʻnggi yillarda yurtimizda karateni ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berib, poytaxtimizda Osiyo chempionatini yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha barcha choralar koʻrilishini maʼlum qildi.
“Sizni yurtimizda koʻrib turganimdan xursandman. Xush kelibsiz. Bugungi kunda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlash lozimki, mamlakatimiz sport turlari boʻyicha bir qator jahon va Osiyo chempionatlariga muntazam ravishda mezbonlik qilib kelmoqda. Xususan, joriy yilda Oʻzbekiston 34 ta nufuzli xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilishi rejalashtirilgan. Karate WKF boʻyicha qitʼa birinchiligiga ham munosib mezbonlik qilish boʻyicha barcha imkoniyatlar ishga solinadi.” – dedi O.Qosimov
Oʻz navbatida janob Vinsent Chen ham chempionat oldidan mavjud sharoitlar bilan tanishish va ushbu masala yuzasidan muzokaralar olib borish maqsadida yurtimizga kelganini taʼkidlab oʻtdi.
“Yana Toshkentdaligimdan bagʻoyat xursandman. Bu safar ikkinchi marta kelishim. Poytaxtingiz menda tozaligi va qulayligi bilan katta taassurot qoldirgan. Bu yerda oʻzimni juda ajoyib his qilaman. Yurtingizda jismoniy tarbiya va sportga qaratilayotgan eʼtiborni oʻzbekistonlik sportchilarning nufuzli musobaqalarda qoʻlga kiritayotgan natijalaridan ham koʻrishimiz mumkin. Aholi sonidan kelib chiqadigan boʻlsak, natijalaringiz aholi ancha koʻp va iqtisodiyoti rivojlangan ayrim davlatlarnikidanda yuqori. Tashrifim davomida mavjud infrastrukturani oʻrgandim. Toshkent nafaqat qitʼa birinchiliklarini balkim, jahon miqyosidagi musobaqalarni oʻtkazishga tayyor deb oʻylayman.” – dedi janob Vinsent Chen
Yakunda tomonlar joriy yilning iyul oyida poytaxtimizda Tokio Olimpiadasining litsenziyalari oʻynaladigan Osiyo chempionatini oʻtkazishga kelishib olishdi.