O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sogʻlom turmush tarzi qandli diabet xastaligining oldini oladi
2019-03-20 | Sog‘liqni saqlash
Maʼlumki, endokrin kasalliklar orasida qandli diabetga qarshi kurashish endokrinologiyaning dolzarb vazifasidir. Hozirda dunyo boʻylab 425 million qandli diabet holati qayd etilgan boʻlsa-da, ammo amalda kasallangan bemorlar ikki barobar koʻpdir.
Shu bois soʻnggi yillarda yurtimizdagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ushbu kasallik bilan ogʻrigan bemorlarning milliy registri olib borilmoqda. Natijada, erta tashxis qoʻyish va oʻrin bosuvchi dori-darmon bilan taʼminlash, oʻzini oʻzi nazorat qilish usullari yordamida bemorlarni kuzatish va oʻqitishni optimallashtirish, bu sohada joylarda endokrinologlarni qayta oʻqitish yaxshilandi. Kelgusida kadrlar yetishmovchiligining bartaraf etish, yaʼni 30 ming aholini 1 nafar endokrinolog shifokor bilan taʼminlash, shu bilan birga, ularning bilim va malakasini oshirishga ham alohida ahamiyat beriladi.
Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Milliy matbuot markazida tashkil etilgan “Aholini, ayniqsa, yoshlarni qandli diabet kasalligidan himoya qilish chora-tadbirlari: natijalar, muammolar va yechimlar” mavzusida matbuot anjumanida aytib oʻtildi.
Aholining reproduktiv salomatligi, onalar, bolalar va oʻsmirlarning sogʻligʻini saqlashni yanada kuchaytirish borasida tasdiqlangan Davlat dasturi doirasida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida hududlar kesimida 42 nafar 1-tur qandli diabet bilan ogʻrigan bemor bolalar “Medtronik”,“Minimed-715” insulin pompalari va uning anjomlari bilan taʼminlandi. Natijada bolalarning sogʻlom hayotga qaytishiga erishildi. Joriy yilda ham markaz tomonidan oʻtgan yil dekabr oyidagi dastur doirasida xarid qilingan 50 dona insulin pompalari yil davomida 50 nafar qandli diabetning 1-turi bilan ogʻrigan bemor bolalar va oʻsmirlarga, 5 nafar homiladorlikni rejalashtirgan, qandli diabetning 1- yoki 2-turi bilan kasallangan ayollarda qoʻllanilishi rejalashtirilgan.
— Qandli diabet bilan ogʻrigan bolalar, oʻsmirlar va ushbu kasallikning 1-turiga chalingan katta yoshlilar hamda insulin bilan muolaja qilinadigan 2-tur bemorlar koʻproq eʼtiborga muhtoj boʻlishadi. Ushbu guruh bemorlar yuz foiz davlat tomonidan insulin bilan taʼminlanmoqda, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Feruza Haydarova. – Qandli diabetni oʻz vaqtida aniqlanish va samarali davolash asoratlar yuzaga kelishini kamaytiradi, bemorlar hayotini uzaytirib, asoratlarni davolashda ketadigan sarf-xarajatlarni kamaytiradi. Kasallikni davolash barobarida, uning oldini olish eng muhim vazifadir. Ayniqsa, 2-tur qandli diabetning oldini olish sogʻlom turmush tarzi va tibbiy madaniyatga bogʻliq. Yaʼni, ovqatlanish tartibiga rioya etmaslik, kamharakatlilik, semizlik va qon bosimining yuqori boʻlishi ushbu xastalikning asosiy sabablaridir.
Yana bir eʼtiborli jihati, Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan yurtimizning ayrim viloyatlarida 45 yoshdan oshgan aholi orasida qandli diabetning skriningi oʻtkazilmoqda. Barcha viloyat endokrinologik dispanserlarini esa oʻz vaqtida uzluksiz ravishda zarur reaktivlar, xususan, glikirlangan gemoglobin va qalqonsimon bez gormonlari reaktivlari bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, 1-tur qandli diabet bolalar va oʻsmirlarni analog insulinlar, insulin yuborish uchun maxsus moslamalar (insulin shpris-ruchkalari) va oʻz-oʻzini nazorat qilish vositalari bilan toʻliq taʼminlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.