O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirligi “Ochiq adliya” ijtimoiy dasturini tasdiqladi
2019-03-19 | Jamiyat
Adliya vazirligi tomonidan tizimdagi ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida hamda korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali mexanizmi sifatida yana bir loyihaga qoʻl urildi.
Vazirlik faoliyati haqida keng jamoatchilikka muhim axborotlar berish, ularning huquqiy maʼlumotlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashga qaratilgan “Ochiq adliya” (“Open Justice”) ijtimoiy dastur tasdiqlandi.
Tez surʼatlarda rivojlanib borayotgan dunyo davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligi, ularning fuqarolar bilan interaktiv faoliyatini rivojlantirishni taʼlab etmoqda. Ayniqsa, aholi oʻrtasida internetdan foydalanuvchilar soni koʻpligi va zamonaviy texnologiyalarning ommalashayotganini inobatga olsak, fuqarolar bilan ishlaydigan har bir tashkilot oʻz faoliyatini yangi bosqichga koʻtarishi lozim. Adliya vazirligi tomonidan “Ochiq adliya” (“Open Justice”) ijtimoiy dasturini qabul qilishdan koʻzlangan maqsad ham aslida shu.
“Ochiq adliya” ijtimoiy dasturi ishlab chiqishga qanday omillar sabab boʻldi? Dastur loyihasi fuqarolarga qanday imkoniyatlarni taqdim etadi?
VIDЕO VA AUDIO-YOZUVGA RUXSAT BЕRILADI
Adliya vazirligi eʼtiborda chetda qolayotgan jihatlar, oʻz vazifasini lozim darajada bajarmayotgan xodimlarni aniqlash boʻyicha jamoatchilik yordamidan foydalanishga qaror qildi.
Shu maqsadda jismoniy va yuridik shaxslarning vakillariga adliya organlari binolarida audio-video yozish moslamalaridan foydalanishga ruxsat beradi. Notarial idoralar va davlat xizmatlari markazlari xodimlarining oʻz vazifalarini bajarishda yoʻl qoʻyayotgan kamchiliklari ustidan internet orqali tezkor shikoyat berish tizimi yaratiladi, bunda xodimning aybi aniqlangan holatlar keng yoritib boriladi. Oʻz vazifalarini lozim darajada bajara olmayotgan xodimlar reytingini shakllantirib, ularning malakasini oshirish boʻyicha ishlar olib boriladi.
IJTIMOIY TARMOQLARDA FAOL MULOQOTLAR OʻTKAZILADI
Bu zamonaviy tajribani qoʻllagan holda vazirlikning Facebook tarmogʻidagi “Adliya bilan muloqot” hamda “Huquqiy axborot” telegram kanali har bir chiqayotgan qonun hujjatining mazmunini sodda,tushunarli tarzda fuqarolarga yetkazib bermoqda. Keng muhokamaga sabab boʻlayotgan qonun hujjatlari loyihalari yuzasidan berilgan huquqiy ekspertiza xulosasi mazmunini ham ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi.
MUROJAAT YUBORISH OSONLASHADI
Adliya vazirligi veb-saytida jismoniy va yuridik shaxslar adliya organlariga yuborilgan oʻz murojaatlarini kuzatib borishlari mumkin . Shuningdek, adliya organlari xodimlari ustidan berilgan hamda oʻz tasdigʻini topgan shikoyatlar haqida maʼlumot olish imkonini beruvchi maxsus platformani ishga tushirish ham nazarda tutilmoqda.
XODIMLAR BIR-BIRINI NAZORAT QILADI
Vazirlik oʻz binosidagixonalarning joylashish strukturasini ham qayta koʻrib chiqdi. Xodimlar keng maydonda bir birini bemalol kuzata oladigan darajada joylashtirildi. Tashkilotga kelgan fuqarolar ham xodimlar qanday ish bilan band boʻlishini oʻz koʻzlari bilan koʻrishlari mumkin. Sodda qilib aytganda devorlar va eshiklar endi shaffoflikni taʼminlaydi. Bu usul korrupsiyaviy omillarni ham olini oladi. Hozirda bu tartibdagi xonalardan dunyoning koʻplab rivojlangan mamlakatlarida ham qoʻllanilmoqda.
“OCHIQ ESHIKLAR KUNI”
Vazirlik faoliyati bilan yaqindan tanishishni istovchilar uchun vazirlik yana bir imkoniyatni taqdim etmoqda. Endilikda yiliga kamida 2 marotaba Adliya vazirligi markaziy apparatida, Davlat xizmatlari agentligida, adliya organlari va muassasalarida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari oʻtkaziladi.
XARAJATLAR EʼLON QILIB BORILADI
Bundan tashqari Adliya vazirligi va uning tarkibiy boʻlinmalarining moliyaviy faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlar vazirlikning veb-saytida eʼlon qilinadi. Bunda xarajatlar, ularni bajarilishi bilan bogʻliq hisobotlar, xarid qilish bilan bogʻliq shartnomalar roʻyxati bilan tanishish mumkin boʻladi.
ADLIYA HISOBOT BЕRADI
Yana bir muhim yangiliklardan biri bu adliya organlarining har yil yakuni boʻyicha aholiga bajarilgan ishlar yuzasidan hisobot berishidir. Mazkur tashabbus 2018 yil yakunlari boʻyicha amalga oshirildi va – “Adliya hisobot beradi” nomli risola tayyorlanib keng jamoatchilikka taqdim etildi. Endi bu hisobot anʼanaviy tarzda har yili taqdim etiladi.
Shu oʻrinda yana bir maʼlumot 2018 yilda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining “Ochiqlik indeksi” boʻyicha reytingi eʼlon qilingan edi. “Ochiqlik indeksi” reytingi 59ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organini, qamrab oldi. Ushbu reytingda Adliya vazirligi birinchi oʻrinni egalladi va 88,12 ball oldi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2-oʻrin 75,85 ball hamda Markaziy bank 3-oʻrin 66,75 balloldi.
Hech qaysi idora oʻz xodimlarini toʻliq nazorat qila olmaydi. Bunga resurs yetmaydi. Shu sababli muammoning yechimi sifatida jamoatchilik nazorati va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish har doimgidan ham dolzarb boʻlmoqda.