O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
GMP talablariga javob beradigan ilmiy-texnologik markaz ishga tushirildi
2019-03-19 | Fan
OʻzR FA Oʻsimlik moddalari kimyosi institutida 3 ta moduldan iborat “GMP talablari boʻyicha dori vositalari substansiyalarni ishlab chiqarish texnologiyalarini sinash ilmiy-texnologik markazi” joriy yilning 18 mart kuni ochildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvahidov, OʻzR FA prezidenti Bexzod Yuldashev, OʻzR Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, shuningdek, akademiklar, yetakchi olimlar va mutaxassislar, xorijiy hamkorlar ishtirok etishdi.
Markaz tomonidan Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti hamda mamlakatimiz ilmiy markazlari va muassasalari olimlarini fundamental izlanishlari natijasida yaratilgan innovatsion ishlanmalarni tatbiq etish va keyinchalik farmatsevtik korxonalarga import oʻrnini bosuvchi va eksportbop 40 ga yaqin dori vositalari va generik substansiyalarni ishlab chiqarish texnologiyalari topshiriladi.
Bundan tashqari, dori vositalari substansiyalarini ishlab chiqarishning 3 ta texnologik liniyalari tashkillashtirildi. Bular oʻsimlik xom-ashyosidan alkaloid, neytral tabiatga ega modifikatsiyalangan tabiiy birikmalarni ishlab chiqarish boʻlib Oʻzbekiston hududidagi “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bustonlik-farm”, “Parkent-farm” va boshqa hududlarda ishlab chiqarish korxonalarini tashkillashtirish uchun texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlashda xizmat qiladi.
Markaz, shuningdek, dori vositalar substansiyalarini ishlab chiqaradigan farmatsevtik korxonalar xodimlarining malaka oshirish, hamda GMP standarti sharoitlarida ishlay oladigan kadrlarni tayyorlashning yagona joyi boʻladi.
Kadrlar tayyorlash, yangi texnologiyalarni sinash, mahalliy farmatsevtik korxonalarni dori vositalari substansiyalari bilan taʼminlashdan tashqari markaz ishlab chiqarish quvvatining oshirilishi va xalqaro talablarga javob berishi natijasida ishlab chiqarish quvvatini 5 barobarga, boshqa bozorlarga chiqishi natijasida eksport hajmini 2 barobarga (moliyaviy koʻrsatkichda 5 mln. AQSH dollari miqdorida) oshirishga imkon beradi.