O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mamlakatimizda 22-mart – Butunjahon suv kuni keng nishonlanmoqda
2019-03-15 | Jamiyat
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 1993-yildagi rezolyutsiyasiga asosan dunyo mamlakatlarida har yili 22-mart Butunjahon suv kuni sifatida keng nishonlanadi. Mazkur sana munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida turli tadbirlar, seminarlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
2019-yilning 12–14-mart kunlari Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “Suv muammosi – jamiyat muammosidir: uning yechimi hech kimning nazaridan chetda qolmasligi kerak” nomli Respublika tanlovi oʻtkazildi.
BMTning Oʻzbekistondagi Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish dasturi, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamkorligida tashkil etilgan ushbu tanlovda mamlakatimizdagi qator oliy oʻquv yurtlari talabalari ishtirok etdi.
Tanlov beshta yoʻnalish boʻyicha oʻtkazildi. “Suvga boʻlgan munosabat – kelajakka boʻlgan munosabatdir” mavzuidagi fotosuratlar koʻrgazmasi, “Suv muammolarini yechishdagi yangi yondashuvlar” mavzuidagi bahs-munozaralar, “Suv – hayot manbai” mavzuidagi intellektual oʻyinlar, “Suvdan foydalanish madaniyati” mavzuidagi yangi gʻoyalar va videoroliklar taqdimoti hamda “Suv xoʻjaligini rivojlantirish yoʻlidagi innovatsiyalar: gʻoyalar va texnologiyalar” mavzuidagi texno-koʻrgazmada suvning hayotimizda tutgan oʻrni, suv resurslarini samarali boshqarish va mamlakatimizni barqaror rivojlantirish, bunda yoshlarning tutgan oʻrnini oshirish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilinib, yangi innovatsion gʻoyalar va ishlanmalar namoyish etildi, talabalar oʻrtasida munozaralar oʻtkazildi.
Tanlov natijalari boʻyicha gʻolib deb topilgan talabalar va jamoalar tadbir tashkilotchilarining faxriy yorliqlari, esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.