O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Faol tashqi siyosat: qonunchilikni takomillashtirib borishni taqozo etadi
2019-03-14 | Siyosat
Bugun Oʻzbekiston tashqi siyocatida mutlaqo yangicha yondashuv paydo boʻlib, yetakchi xorijiy davlatlar, avvalo, yaqin qoʻshnilar bilan doʻstona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha aniq va amaliy ishlar qilinmoqda.
Koʻplab oliy darajadagi tashrif va uchrashuvlar, xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarning yechimiga qaratilgan shartnoma va kelishuvlarga erishilayotgani prinsipial jihatdan yangi mazmundagi hamkorlik uchun mustahkam asos vazifasini oʻtamoqda. Bu jihat har doimgidan koʻra, ustuvorlik kasb etgan. Zero, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 28 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida ochiqlik, oʻzaro teng va manfaatli hamkorlikka asoslangan tashqi siyosat sohasidagi faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirish choralarini koʻrish lozimligini alohida taʼkidlab oʻtgan edi.
Parlament quyi palatasining xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasining 2019 yil 14 mart kuni Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “Tashqi siyosat va diplomatiya sohasida qonunchilikni takomillashtirish” mavzusida oʻtkazilgan davra suhbatida ham ishtirokchilar eʼtibori mamlakat tashqi siyosatidagi ustuvorliklarga qaratildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining masʼul xodimlari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti olimlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Maʼlumki, Oʻzbekistonning samarali tashqi siyosatida parlamentning alohida oʻrni bor. Binobarin, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” davlat dasturida alohida band bilan mamlakatimiz tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal qilishda parlament diplomatiyasi rolini kuchaytirish masalasi belgilangan. Davlatlararo munosabatlarning muhim tarkibiy qismi hisoblangan parlamentlararo aloqalar zamonaviy xalqaro munosabatlarning rivojlanish dinamikasi, mazmun-mohiyati va istiqbollariga katta taʼsir koʻrsatmoqda. Bunday aloqalar parlament diplomatiyasining mavqeini yuksaltirishga, tomonlarning oʻzaro pozitsiyalarini yaqinlashtirishga, davlatlararo munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishiga zamin yaratadi.
Davra suhbatida 2017-2021 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining Harakatlar strategiyasi asosida mamlakatimizning xalqaro imijini mustahkamlashda parlament rolini oshirish, tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi meʼyoriy-huquqiy baza hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish milliy parlamentimizning ustuvor vazifalari sifatida amalga oshirilayotganligi taʼkidlab oʻtildi.
Dunyodagi eng nufuzli parlament tashkilotlari hisoblangan Parlamentlararo ittifoqda, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Parlament Assambleyasida, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo Assambleyasida milliy parlamentimiz aʼzoligining tiklanganligi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishda hamda Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Keyingi yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan xalqaro munosabatlarga oid 14 ta qonunning tayyorlanib, qabul qilinganligi Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosat sohasida yuritayotgan islohotlarini huquqiy jihatdan mustahkamlashga xizmat qilayotganligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi, Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustavi (yangi tahrirda), “Shanxay hamkorlik tashkilotining ekstremizmga qarshi kurash” toʻgʻrisidagi Konvensiyasini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi doiraviy konvensiyasi Parij kelishuvini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunlar shular jumlasidandir.
Tadbirda 2018 yilda Hindiston, Belarus, Polsha, Ozarbayjon, AQSH, Bolgariya kabi mamlakatlar bilan bevosita parlament doʻstlik guruhlari tuzilganligi va Oliy Majlis qoshida tuzilgan parlamentlararo hamkorlik va doʻstlik guruhlari soni 27 taga yetganligi Oʻzbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan parlamentlararo hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilayotganligi taʼkidlab oʻtildi. Ushbu hamkorlik guruhlari koʻmagida parlament delegatsiyalarining oʻzaro tashriflari amalga oshirildi, hamkorlikda konferensiya, seminar va davra suhbatlari oʻtkazildi. Oʻzbekistonda yuz berayotgan demokratik jarayonlar, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar haqida xorijiy mamlakatlarning parlament aʼzolari orqali xalqaro hamjamiyatni xabardor qilib kelinmoqda.
Davra suhbatida Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birga ishlab chiqilayotgan “Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar muhokama qilindi.