O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Dunyo bolalar nigohida” Toshkentda SHHT davlatlari bolalar rasmlari koʻrgazmasi ochildi
2019-03-14 | Madaniyat
2019 yil 12 mart kuni Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining markaziy koʻrgazmalar zalida .Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning madaniyati, tarixi, anʼanalari va tabiatiga bagʻishlangan “Dunyo bolalar nigohida” mavzuidagi bolalar rasmlari koʻrgazmasi ochildi.
Koʻrgazmaning asosiy tashkilotchilari — SHHTning Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar, xalq taʼlimi va maktabgacha taʼlim vazirliklari.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy majlisi qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari, koʻrgazma ishtirokchilari va ularning ota-onalari, murabbiylari, SHHT davlatlarining Toshkentdagi milliy madaniyat markazlari vakillari ishtirok etdilar.
SHHTning Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi direktori Rahmatulla Nazarov koʻrgazma tashkilotchilari va inggirokchilariga minnatdorchilik bildirib, mazkur koʻrgazmaning asosiy maqsadlaridan biri bu bolalarni vatanparvarlik va Vatanga muhabbat tuygʻusini uygʻotish, shuningdek, iqtidorli bolalarda tasviriy sanʼatga boʻlgan qiziqishni uygʻotishdan iborat.
Uning soʻzlariga koʻra, olingan barcha asarlar hakamlar xayʼati tomonidan diqqat bilan koʻrib chiqildi va eng yaxshilari koʻrgazmada namoyish etildi. Gʻoliblar uchta nominatsiya boʻyicha tanlab olindi. Tanlov jarayonida rasmlarning oʻziga xosligi, badiiy mahorati va mavzuni ochib berishi hisobga olindi.
R.Nazarov bunday tadbirlarda ishtirok etish bolalarning oʻz ijodiy salohiyatlarini ochib berishiga yordam berishiga va kelajakda yetuk shaxs boʻlib yetishish jarayonida jiddiy qadam boʻlishiga ishonch bildirdi.
Quyida uch nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblar eʼlon kilindi:
5-7 yosh. Maktabgacha yoshdagi bolalar: Yan Shu Ting, 7 yosh, Xitoy Xalk Respublikasi (1-oʻrin); Isroilov Yokut, 7 yosh, Oʻzbekiston (2-oʻrin), Tansin Sangit, 6 yosh, Hindiston (3-oʻrin);
8-10 yoshdagi oʻquvchilar: Avazjonova Eʼzoza, 9 yosh, Oʻzbekiston (1-oʻrin); Si Anki, 9 yosh, Xitoy Xalk Respublikasi (2-oʻrin); Yuzbashyan Anastasiya, 9 yosh, Rossiya (3-oʻrin);
11-12 yoshdagi oʻquvchilar: Mayrambekova Gulzoda, 12 yosh, Qirgʻiziston (1- oʻrin); Isomiddinova Farangiz, 12 yosh, Oʻzbekiston (2-oʻrin); Pankratova Aliyea, 12 yosh, Qozogiston (3-oʻrin).
Bolalar rasmlari tanlovi gʻoliblariga Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va maktabgacha taʼlim vazirliklari vakillari, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi elchixonalari vakillari tomonidan sovgʻalar topshirildi.
Koʻrgazmaning ochilish marosimida poytaxtimizdagi 280-maktabning “Raqs” xoyeografiya guruhi va Toshkent shahridagi “Barkamol avlod” bolalar markazining “Zarb” ansambli oʻz mahoratlarini namoyish etdilar.
Koʻrgazma 2019 yil 15 martgacha davom etadi.
Ushbu koʻrgazmada namoyish etilgan ishlar, shu yil 28 may — 1 iyun kunlari Xitoyda xalqaro bolalar kuniga bagishlangan koʻrgazmada, soʻngra 15 iyunda Qirgiziston poytaxti Bishkek shahrida boʻlib oʻtadigan Shanxay hamkorlik tashkilotining davlat rahbarlari uchrashui arafasida namoyish etiladi.