O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Diqqat tanlov! – darsliklarni birgalikda takomillashtiraylik
2019-03-14 | Ta’lim
"Darsliklarni birgalikda takomillashtiraylik” mavzusida tanlov
Tanlovning maqsadi
“Darsliklarni birgalikda takomillashtiraylik” mavzusidagi tanlovning maqsadi keng jamoatchilik vakillari, yaʼni ota-onalar, oʻquvchilar, oʻqituvchilar va mutaxassislar ishtirokida mavjud darslik va oʻquv-metodik adabiyotlardagi kamchiliklarni topish, ularni sifatli darajada chiqishi borasida taklif va mulohazalarni yigʻish va ularni bartaraf etish yuzasidan hamkorlik qilish.
Tanlovning oʻtkazish tartibi va shartlari
Mazkur tanlov 2019 yilning 15 martidan 15 apreliga qadar oʻtkaziladi. Barcha takliflar, darslikda aniqlangan kamchiliklar roʻyxati va ular yuzasidan izohlar oʻsha darslik nomini yoki oʻquv-metodik adabiyotning nomini aniq koʻrsatgan holda (sinfi, nashr etilgan sanasi, qaysi tilda chop etilgan, mualliflari, yuqoridan qatori va sahifasi, bobi, oʻz fikringizni asoslovchi fakt va dalillar bilan birgalikda) tanlov@xtv.uz elektron manzilida qabul qilinadi.
Taklifini joʻnatgan tanlov ishtirokchisi tomonidan bogʻlanish uchun telefon va telegramm raqamlarini va elektron pochta manzilini koʻrsatishlari, shu bilan birgalikda familiyasi, ismi, otasining ismi, yoshi, hamda kasbiy faoliyati toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot bilan pasport nusxasi ilova qilinishi soʻraladi. Anonim murojaatlar koʻrib chiqilmaydi.
Gʻoliblar quyidagi mezonlar boʻyicha aniqlanadi:
- takliflar, darslikda aniqlangan kamchiliklar roʻyxati va ular yuzasidan izohlar aniq va tushunarli qilib taqdim etilgan;
- chuqur maʼnoli, yaxshi tadqiq etilgan, mazmundor taklif va izohlar;
- misollar va ishonarli faktlarga asoslangan taklif va izohlar;
- gʻoyasi aniq ifodalangan, ishonchli va mutaxassislar tomonidan tan olingan manbalarga asoslangan taklif va izohlar;
- taqdim etish shakllarining yangiligi, oʻziga xosligi va ifodaliligi.
Tanlovga taqdim etilgan taklif va izohlar yetakchi olimlar va mutaxassislar, jamoat tashkilotlari hamda tegishli idoralar vakillaridan iborat hayʼat tomonidan baholanadi.
Tanlovda qatnashish istagini bildirgan ota-onalar, oʻquvchilar, oʻqituvchilar va mutaxassislar, jurnalistlar oʻz ishlarini “XTV Tanlovi - Xatosiz darsliklar” belgisi bilan tanlov@xtv.uz elektron manziliga yuborishlari lozim.
Gʻoliblarni taqdirlash
Gʻoliblar umumtaʼlim maktablarining 1-11-sinf darsliklari va oʻquv metodik qoʻllanmalaridan eng koʻp oʻrinli xatolarni topgan hamda eng yuqori ball toʻplagan 3 nafar ishtirokchi (1-, 2- va 3-oʻrin) gʻolib deb topiladi va Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Tanlov gʻoliblari oʻquv yili yakuni arafasida eʼlon qilinadi va ularga pulmukofoti topshiriladi.
Tanlov gʻoliblarini taqdirlashda homiylar jalb qilinishi mumkin.
Yakuniy qoidalar
Tanlovning oʻtish jarayoni va tanlov gʻoliblari ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritiladi.
Belgilangan tartibda yuborilmagan ishlar koʻrib chiqilmaslikka asos boʻladi.