O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Og‘ir atletikachilarimizning muvaffaqiyati davom etadi yoxud o‘zbek qizi jahon rekordini o‘rnatdi
2019-03-13 | Sport
Shu kunlarda AQShning Las-Vegas shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati bahslari bo‘lib o‘tmoqda. Biz uchun ahamiyatlisi, okean ortida o‘tayotgan musobaqa hamyurtlarimiz uchun muvaffaqiyatli davom etayapti.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, kecha qizlar o‘rtasida vazni 64 kilogrammgacha bo‘lgan atletlar g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Quvonarlisi, ushbu vazn toifasida terma jamoamiz a’zosi, o‘smirlar o‘rtasidagi III yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibasi hamda yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Kumushxon Fayzullaeva yana bir bora dunyoda tengsiz ekanligini isbotladi. Shu bilan birga sportchimiz jahon rekordini ham yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
U musobaqaning dast ko‘tarish mashqida 93 kg. natija qayd etdi va eng yaqin ta’qibchisi meksikalik Gonsales Roxasni naqd besh kiloga ortda qoldirdi. Bu borada kuchli uchlikka 84 kg. ko‘rsatkich bilan ruminiyalik Mixaela Ilie yakun yasab berdi.
Siltab ko‘tarish bahslarida esa Kumushxonning g‘alabasi yanada ishonarli bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishda o‘zbek qizi 122 kg.lik natija bilan dunyo rekordini yangiladi. Bu ko‘rsatkich bilan u dunyo rekordini yangiladi va O‘zbekiston nomini tarixga muhrladi.
Aslida hamyurtimiz ilk urinishidayoq oltin medal masalasiga nuqta qo‘ygan edi. Uning 115 kg.lik ko‘rsatkichiga qolgan sportchilar uchta urinish davomida ham yaqin kelisholmadi. Bu yo‘nalishda ham 2-o‘rinni Roxas egalladi, u 107 kg.lik toshni o‘ziga bo‘ysundirdi. Faxrli 3-o‘rin hamda bronza medali esa Iliega nasib etdi, u siltab ko‘tarish mashqida 106 kg. natija qayd etdi.
Shu tariqa Kumushxon Fayzullaeva o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida uchta oltin medalga sazovor bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, bungacha AQShdagi musobaqada terma jamoa a’zolaridan Nigora Abdullaeva uchta oltin, Og‘abek Nafasov esa ikkita kumush hamda Asadbek Narimonov bitta oltin va ikkita kumush medal bilan taqdirlangan edi.
Otabek Eshmamatov, O‘zA