O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Zamon bilan hamnafas: Prezidentimiz Navoiy IESda barpo etilayotgan ikkinchi bugʻ-gaz qurilmasi bilan tanishdi

2019-03-12 | Siyosat

Navoiy issiqlik elektr stansiyasi yuqori darajada sanoatlashgan va unga tutash mintaqadagi isteʼmolchilarni elektr va issiqlik energiyasi bilan taʼminlovchi asosiy manba hisoblanadi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatlari kabi yirik korxonalar, iqtisodiyotimizda salmogʻi tobora ortib borayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining samarali faoliyati va aholini yanada ishonchli elektr energiya bilan taʼminlash aynan ushbu stansiyada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalariga bevosita bogʻliq.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 28 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida Navoiy issiqlik elektr stansiyasida boʻlib, ikkinchi bugʻ-gaz qurilmasi poydevoriga tamal toshi qoʻygan edi.

Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” va “Mitsubishi Hitachi Power Systems” konsorsiumi hamda “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati oʻrtasida mazkur bugʻ-gaz qurilmasini bunyod etish boʻyicha shartnoma imzolangan edi. Umumiy qiymati 432 million AQSH dollariga teng ushbu inshootning quvvati 450 megavatt. Qurilish “Mitsubishi Corporation and MHPS” konsorsiumi va Turkiyaning “Calik Enerji” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz bugʻ-gaz qurilmasi gaz turbinasining ishlash jarayonini koʻzdan kechirdi.

Anʼanaviy elektr stansiyalarining foydali ish koeffitsentini oshirish yoʻllarini izlash - butun dunyo texnologlari eʼtiborida boʻlgan masala. Bugʻ-gaz qurilmalari ushbu muammoning zamonaviy yechimidir. Issiqlik elektr stansiyalarining foydali ish koeffitsienti odatda 40 foizni tashkil etadi. Navoiy IESning birinchi bugʻ-gaz qurilmasida bu koʻrsatkich 57 foiz boʻlsa, ikkinchisida 61 foizni tashkil etadi.

Bugʻ-gaz qurilmasi toʻliq tayyor holda joriy yil sentabr oyida ishga tushiriladi.

Davlatimiz rahbari eʼtiboriga loyiha amalga oshirilishi tufayli erishiladigan natijalar va bugʻ-gaz turbinasining texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari haqidagi taqdimotlar havola qilindi.

Bugʻ-gaz qurilmasi ishga tushirilishi natijasida yiliga 3 milliard 454 million kilovatt-soat elektr energiya va issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Hisob-kitoblarga koʻra, loyiha samarasida 1 kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun shartli yoqilgʻi sarfi kamayishi hisobidan yiliga oʻrtacha 829 million kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Mamlakatimiz energetika tizimida 2025 yilgacha yana bir qator zamonaviy bugʻ-gaz qurilmalarini barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu, oʻz navbatida, ming nafardan ortiq xizmat koʻrsatuvchi yuqori malakali mutaxassis tayyorlash zaruratini keltirib chiqaradi.

Prezidentimiz ushbu ehtiyojni taʼminlash maqsadida Navoiy IES bazasida bugʻ-gaz qurilmalari uchun xodimlar tayyorlaydigan oʻquv markazi tashkil etish boʻyicha topshiriq bergan edi. Korxonada Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi – JICA moliyaviy koʻmagida oʻquv markazi tashkil etildi. Hozirgi kungacha bu yerda 166 mutaxassis tayyorgarlikdan oʻtdi.

Davlatimiz rahbari korxonaning ishchilari va xorijlik investorlar bilan suhbatlashdi.

Energetika tizimida amalga oshirilayotgan bunday yirik investitsiya loyihalari mavjud energetika quvvatlarini oshirish, eng muhimi, isteʼmolchilarni uzluksiz energiya manbai bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish, hududlar infratuzilmasini tubdan yaxshilashga zamin yaratadi.

Zamonaviy texnologiyalarning oʻrnatilishi esa yoqilgʻi sarf-xarajati va atrof-muhitga chiqarilayotgan zararni kamaytirish imkonini beradi.

Поделиться