O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ota-onalar tomonidan qiziqish kam boʻlgan maktab direktorlari faoliyati Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻrganilmoqda
2019-03-12 | Ta’lim
Demografik tendensiyalar hamda 11 yillik taʼlimga oʻtilishi munosabati bilan oʻquvchilar soni oxirgi 2 yilda 20 foizga ortgan, bu esa aksariyat maktablarda oʻquv jarayoni ikki va undan yuqori smenada tashkil etilishiga sabab boʻlmoqda.
Shu bilan birgalikda, ayrim maktablarga ota-onalar tomonidan qiziqish juda ham past. Bu asosan maktab rahbarlarining talabga javob bermasligi hamda xalq taʼlimi boʻlimlari va boshqarmalari xodimlarining masʼuliyatsizligi tufaylidir. Yillar davomida boʻlim va boshqarma xodimlari koʻproq eʼtiborini talab yuqori boʻlgan maktablarni oʻrganish, ularni direktorlar faoliyatini tekshirishga qaratib, ota-onalar talabi kam boʻlgan maktablarga deyarli eʼtibor berilmagan.
Shuning uchun ham Xalq taʼlimi vazirligi birinchi navbatda aynan shunday maktab direktorlari hamda boʻlim va boshqarma rahbariyatining bu maktablar faoliyatini yaxshilash boʻyicha amalga oshirayotgan ishlarini tanqidiy oʻrganmoqda.
Xususan, Xalq taʼlimi vazirligining Nazorat-huquqiy xizmati tomonidan Toshkent shahri, Yakkasaroy tumanidagi 73-maktabida oʻquv jarayonining tashkil etilishi holati oʻrganildi.
Taʼlim maskanini oʻrganish jarayonida quyidagi kamchiliklar aniqlandi:
Taʼlim-tarbiya jarayoning tashkil etilishi: Maktabning 2018-2019 oʻquv yiliga moʻljallangan oʻquv rejasi va soatlar taqsimoti pedagogik kengashda koʻrib chiqilmagan, dars jadvali tuzishda fanlarning murakkablik darajasi inobatga olinmasdan, oʻquvchilar tomonidan oʻzlashtirilishi qiyin boʻlgan fanlar dars jadvaliga 5-6-soatlarga qoʻyilgan.
Maktab monitoring ishchi guruhi tomonidan oʻqituvchilar faoliyati tahlil qilinmagan hamda monitoring daftari yuritilmagan.
Metodik kengash yigʻma jildlari, bayonnoma daftari yuritilmagan. Shuningdek, metod birlashmalar tomonidan oʻqituvchilarning ilgʻor ish tajribalari ommalashtirilmagan. Fan oyliklarini oʻtkazish boʻyicha jadvallartuzilmagan.
2018-2019 oʻquv yilida kadrlarning malaka oshirishi istiqbol rejasiga amal qilinmagan, oʻqituvchilar oʻz muddatida malaka oshirishga yuborilmagan.
Oʻqituvchilarning kundalik dars konspektlari yillik taqvim-mavzu rejasi asosida yozilmagan. Oʻqituvchilar tomonidan qoldirilgan va qoplangan darslarni qayd etish daftari talab darajasida yuritilmagan.
Sinf jurnallarida esa dars mavzulari oʻz vaqtida yozilmagan, davomat aniqlanmagan hamda oʻquvchilar oʻz vaqtida baholanmagan, jurnallarning yuritilishi maktab maʼmuriyati tomonidan tekshirilmagan.
Shahodatnomalarni hisobga olish daftari masʼul xodimlar tomonidan imzolanmagan. Pedagog xodimlar attestatsiyasi oʻrnatilgan talab boʻyicha tashkil etilmagan, attestatsiya komissiyasi hamda ekspert guruhi bayonnomalari bilan oʻqituvchilar tanishtirilmagan, malaka toifasi sertifikatlarini qayd etish va tarqatish daftari yuritilmagan.
Shuningdek, maktab rahbarlarining dars tahlillari daftarlari sahifalanmagan va rahbar tomonidan tasdiqlanmaganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, Xalq taʼlimi vazirining “Xalq taʼlimi xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga asosan maktabning ichki buyrugʻi ishlab chiqilmagan.
Pedkengash daftari tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri tomonidan imzolanmagan, muhrlanmagan.
Oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha yillik ish reja ishlab chiqilmagan,9-, 10-, 11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida kasb tanlash boʻyicha soʻrovnomalar oʻtkazilmagan.
Maktabkutubxonachisi tomonidan 2019 yil 1 yanvar holatiga koʻra darsliklar ijarasi hisoboti va 2018-2019 oʻquv yili uchun darsliklarni qabul qilish buyrugʻirasmiylashtirilmagan. Mavjud adabiyotlar kartotekasi yuritilmagan.
Moddiy texnik holat: Maktabning 2018-2019 oʻquv yiliga va kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi yuzaki amalga oshirilgan. Jumladan, muassasaning elektr tizimi yangi oʻquv yiliga yaroqliligi holati tekshirilmagan, yongʻin havfsizligi dalolatnomasi tuzilmagan. Yongʻindan xabar beruvchi moslamalar esa umuman ishlamaydi. Maktab hovlisi, bino ichi, yoʻlaklar, sport zal hamda majlislar zali yongʻin oʻchirish moslamalari bilan toʻliq taʼminlanmagan.
Umumtaʼlim muassasaning isitish tizimi yaxshi ishlamasligi, isitish quvurlarining qoplamalari yirtilib, usti ochilib qolganligi bois issiqlik energiyasi koʻp miqdorda sarflanishi holatlari mavjudligi aniqlangan. Sanuzel talabga javob bermay qolganligi, hojatxona kanalizatsiyasi yaxshi ishlamasligi sabab,yuqori qavatlardan pastki qavatlarga suv oqadi.
Oshxona SanPiN norma talablariga umuman javob bermaydi. Taʼlim muassasasi direktori tomonidan boʻsh turgan bino inshootlari ijaraga berilgan boʻlsa-da, ijarachilar bilan kommunal toʻlovlar uchun shartnoma tuzilmagan. Shu boisdan ham oxirgi toʻlov 2017 yilda amalga oshirilgan.
Maktab rahbari oʻz vakolati doirasidan chiqib, yuqori tashkilotlardan ruxsat olmasdan 24 mln. soʻmlik asosiy vositalarni oʻzboshimchalik bilan hisobdan chiqargan.
Bulardan tashqari, maktab direktori tomonidan maktab oʻqituvchilarining oylik ish haqidan, mukofot pullaridan maʼlum bir qismi naqd shaklida olib qolinayotganligi holati ham aniqlangan.
Joriy yilning 22 fevralida mazkur muassasa Toshkent shahar xalq taʼlimi Bosh boshqarmasi tomonidan kompleks oʻrganilgan, ammo nomiga va yuzaki maʼlumotnoma tuzish bilan cheklanilgan.
Ushbu tekshirish natijasi Xalq taʼlimi vaziri Sh.Shermatov ishtirokida 73-maktabda muhokama etildi. Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar boʻyicha maktab direktori D.Mavlyanova hamda uning 2 nafar oʻrinbosari lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, Toshkent shahar xalq taʼlimi Bosh boshqarmasi metodisti D.Z.Toshmuhamedova mazkur maktabni tekshirishga masʼuliyatsizlik bilan bilan yondoshgani uchun “Xayfsan” intizomiy jazosi berildi.
Ayni paytda mazkur maktabda vazirlikning audit xizmati tomonidan moliyaviy-xoʻjalik faoliyati tekshirilmoqda.
Toshkent shahar xalq taʼlimi Bosh boshqarmasi va tuman xalq taʼlimi boʻlimi rahbarlariga bunday holatlardan xulosa chiqarib boshqa bu kabi maktablardagi holatni yaxshilash choralarini koʻrish topshirildi.