O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Pokiston Prezidenti Oʻzbekiston Elchisini qabul qildi

2019-03-11 | Siyosat

2019-yilning 4-mart kuni Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Arif Alvi “Ayvani-Sadr” qasrida Oʻzbekiston Elchisi Furqat Sidiqovni qabul qildi.

Pokiston rahbari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligi ostida olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni hamda mamlakatdagi huquqiy va institutsional oʻzgarishlarni yuqori baholadi.

Prezident Oʻzbekiston rahbariyatining mintaqada yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan tashqi siyosiy tashabbuslarini, ayniqsa uning Afgʻonistonda barqaror tinchlikka erishish borasidagi saʼy-harakatlarini Pokiston tomoni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini eʼtirof etdi. Pokiston shuningdek mamlakatimizning xavfsizlik xalqaro terrorizmga qarshi kurashish masalalari, mintaqaviy mushtaraklikni rivojlantirish, transport infratuzilmalari va energetik hamkorlikni kengaytirish boʻyicha mavqeyiga sherik boʻlishini va ularni qoʻllab-quvvatlashini ham tasdiqladi.

Pokiston yetakchisi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo aylanmasining dinamik oʻsayotganligini mamnuniyat bilan qayd etib, 2018-yilda Oʻzbekiston oʻzi rahbarlik qilayotgan davlatining Markaziy Osiyodagi yetakchi iqtisodiy sherigiga aylanganiga eʼtiborni qaratdi. Oʻzaro manfaatli va koʻp qirrali ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirishga tomonlarda qiziqish borligi oʻz tasdigʻini topdi.

Ikki mamlakat hududlari, ayniqsa buyuk Boburiylarning tarixiy merosi bir-biriga bogʻlab turuvchi Panjob provinsiyasi va Namangan viloyati oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlariga alohida qiziqish bildirildi.

“Boy tarixga ega Oʻzbekiston buyuk islomiy mutafakkirlarning vatanidir. Shu sabab mening vatandoshlarim qalbida mamlakatingizga nisbatan oʻzgacha hurmat va qiziqish bor”, - deya taʼkidladi Pokiston Prezidenti.

Bir vaqtning oʻzida Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Fan va texnologiyalar boʻyicha qoʻmitasiga raislik qilayotgan Prezident Arif Alvi mazkur Qoʻmitaning Oʻzbekiston bilan faol va samarali hamkorlik qilishga, avvalo 2020-yilda Toshkent shahrida Fan va texnologiyalar boʻyicha Ikkinchi IHT sammitini oʻtkazish doirasida birgalikda ishlashga tayyor ekanligini tasdiqladi.

Uchrashuv yakunida Pokiston Prezidenti Oʻzbekiston Prezidentiga oʻzining samimiy hurmatini yetkazib qoʻyishni soʻradi va mamlakatimiz rahbariga keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishida muvaffaqiyat tiladi.

Поделиться