O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Estoniya Elchisi bilan uchrashuv
2019-03-06 | Siyosat
2019-yilning 6-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Estoniya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Riga shahrida) etib tayinlangan Arti Hilpusni qabul qildi.
Ishonch yorliqlarini qabul qilar ekan, Vazir Elchini ushbu tayinlov munosabati bilan samimiy qutladi va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan faoliyatiga samaradorlik va muvaffaqiyatlar tiladi.
Suhbat chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qiziqish bildirildi.
Muzokaralarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun eng istiqbolli yo‘nalishlarni aniqlash imkonini beruvchi vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarni muntazam ravishda o‘tkazishdan tomonlar manfaatdorligi tasdiqlandi.
Elchi Arti Hilpus qator vazirliklar va idoralarda o‘tkazilgan uchrashuvlar natijalari hamda ushbu uchrashuvlarda O‘zbekiston-Estoniya munosabatlarini mustahkamlashning amaliy jihatlarini ko‘rib chiqilganligi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Suhbat yakunida Elchi mazkur lavozimga tayinlanganini mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilish yo‘lida qabul qilganligini bildirdi va buning uchun o‘zining bor tajribasidan foydalanishini ma’lum qildi.