O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻquvchi-qizlar sammitiga marhamat!
2019-03-06 | Jamiyat
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokidagi muhokamalar, hukumat va vazirlik idora va tashkilot rahbarlari bilan ochiq muloqot maydoni, rahbar ayollarning faoliyati boʻyicha amaliyot dasturi va tengdoshlaringiz bilan birgalikdagi ilm-fan rivoji yoʻlidagi takliflaringizning muhokamasi bularning bari “Ilm-fan – kelajak poydevori” shiori ostidagi “Qizlarjon” oʻquvchi-qizlar sammitida.
“Qizlarjon” oʻquvchi-qizlar sammiti bu - Siz uchun yangi imkoniyat va hayotingizning oʻzgarishlarga boy boʻlgan yangi sarlavhasidir.
Joriy yilning 23-26-mart kunlari shaharlar gavhari boʻlmish Samarqand shahrida oʻquvchi-qizlarning zamonaviy bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, kasb-hunarga oʻrgatish, shuningdek, milliy urf-odat va anʼanalar ruhida tarbiyalash, oilaviy hayotga tayyorlash, ilgʻor tajribalarini ommalashtirish va qoʻllab-quvvatlash kabi maqsadlarni koʻzlab umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Ilm-fan – kelajak poydevori” shiori ostida “Qizlarjon” oʻquvchi-qizlar sammiti tashkil etiladi.
Sammitda Respublika boʻyicha 14-18 yoshdagi 8-11-sinf oʻquvchi-qizlar, har bir hududdan 10 nafardan quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha ishtirok etishi mumkin:
“Qizlarjon” klubi koordinatorlari;
xalqaro va respublika fan olimpiadalari gʻoliblari;
hunarmandlik bilan shugʻullanayotgan oʻquvchi-qizlar;
innovatsion gʻoyalar muallifi boʻlgan oʻquvchi-qizlar;
AKT sohasi bilan shugʻullanuvchi oʻquvchi-qizlar;
fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirgan oʻquvchi-qizlar;
fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirgan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari;
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining hududiy sardorlari;
profilaktik hisobdagi oʻquvchi-qizlar (tarbiyasi yaxshilanayotgan).
Sammitda ishtirok etish istagini bildirgan oʻquvchi-qizlar ushbu yoʻnalishlar boʻyicha joriy yilning 10-mart kunigacha Xalq taʼlimi vazirligining hududiy boshqarmalariga sammit ishtirokchisi anketasini topshirishlari lozim.
Anketani quyidagi saytlardan: www.uzedu.uz, www.wcu.uz, www.yi.uz olishlari mumkin.
Oʻquvchi-qizlar suhbat asosida quyidagi mezonlarni inobatga olgan holda saralanadi:
ijtimoiy jarayonlardagi faolligi;
Vatanimiz tarixi va buguni haqida maʼlumotga egaligi;
xorijiy tillarni mukammal bilishi;
liderlik koʻnikmalari shakllanganligi;
taʼlim, ijtimoiy sohalardagi xorij tajribasi bilan tanishligi;
tanqidiy va tahliliy tafakkurining rivojlanganligi.
Oʻquvchi-qizlar bilim-koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan turli mahorat darslari, tadbirlar va TED-Ed klublarini tashkil etish va yuritish sirlari, Soft skills koʻnikmalari, Zamonaviy AKT imkoniyatlari va ularni hayotga tatbiq etish usullari, Innovatsion menejment, marketing va PR orqali investitsiyalarni jalb etish kabi mavzulardagi treninglarda ishtirok etadi.
Oʻzingizni ilm-fanda erishayotgan yutuqlaringiz bilan – kelajak poydevoriman deb hisoblaysizmi? Unda shoshiling ishtirokchilar soni chegaralangan.
Ushbu loyiha Xalq taʼlimi vazirligi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda Samarqand viloyati hokimligining hamkorlik loyihasi hisoblanadi.