O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Tolibon” harakati rahbariyati bilan uchrashuv toʻgʻrisida
2019-03-05 | Siyosat
Doha shahrida (Qatar) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning Qatardagi “Tolibon” harakati siyosiy ofisi rahbari mulla Barodar Axund bilan amaliy uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Muzokaralarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev ham ishtirok etdi.
Mulla Barodar Axund Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Afgʻonistondagi tinchlik jarayoniga koʻmaklashishga qaratilgan siyosatini yuqori baholadi. U oʻtgan yilning mart oyida oʻtkazilgan hamda afgʻon mojarosini tinch yoʻl bilan hal etish borasidagi xalqaro saʼy-harakatlarning faollashishiga kuchli turtki bergan Afgʻoniston boʻyicha Toshkent konferensiyasi ahamiyati va yakunlarini ham alohida taʼkidladi.
Bundan tashqari “Tolibon” harakati rahbariyati vakili transport, energetika va taʼlim sohalaridagi muhim iqtisodiy loyihalarni Afgʻonistonda amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbuslarini ijobiy baholadi. Uning alohida qayd etishicha, Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalari nafaqat Afgʻonistonning iqtisodiy rivojlanishiga, balki mamlakatda toʻla qonli siyosiy jarayon boshlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi. Natijada Afgʻoniston kelajakda Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida “ishonch va hamkorlik koʻprigi” boʻlishi mumkin.
Mulla Barodar Afgʻonistonda tinchlik jarayonini yanada taraqqiy ettirish borasida Oʻzbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini maʼlum qildi.