O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurganlar soni 4 mingdan oshdi
2019-03-04 | Fan
Bu haqda Samarqand viloyati matbuot uyida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Matbuot anjumanida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur muassasa zimmasiga yuklatilgan vazifalar va ayni paytdagi faoliyat haqida ommaviy axborot vositalari vakillariga maʼlumot berib, ilmiy xodimlar tomonidan shu paytgacha 20 ga yaqin kitob nashr qilinganligini, hozirgi kunda Imom Buxoriy bobomizning uchta – “Birrul volidayn” (Ota-onaga yaxshilik qilish), “Xolq afʼol al-ibod” (Bandalar feʼllarining yaratilishi) va “Sulosiyot ul-Buxoriy” (“Sahihi Buxoriy” asaridagi sanadi uch roviyli hadislar) kitoblari tarjima qilinib, tahrir ishlari olib borilayotganligini maʼlum qildi.
Shuningdek, zaminimizdan yetishib chiqqan ulugʻ allomalar hayoti va ilmiy-maʼrifiy faoliyatini oʻrganish borasidagi izlanishlar samarasida “Imom Buxoriy majmuasi” kitob-albomi, “Imom Buxoriy hayoti”, “Muhaddislar sultoni”, “Alouddin Usmandiy Samarqandiy hayoti va ilmiy merosi”, “Ibrohim Saffor Buxoriy hayoti va ilmiy merosi” kitoblari yaratilib, nashrga tayyorlanayotganligini, markaz tomonidan dunyodagi 14 ta yetakchi islom tadqiqot markazi va universitetlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolanganligini, bundan tashqari, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, AQSH, Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Malayziya, Pokiston, Hindistondagi ilmiy markazlar bilan aloqalar yoʻlga qoʻyilganligini bildirdi.
Matbuot anjumanida markaz xodimlari tomonidan joylarda “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida oʻtkazilayotgan targʻibot tadbirlari haqida ham batafsil maʼlumot berildi.